23:58 / 13.12.2025
2 066

Arne Slot Muhammad Salohning o‘yinini alohida e’tirof etdi

Angliya Premer-ligasining 16-turi doirasida Arne Slot boshchiligidagi «Liverpul» o‘z maydonida «Brayton»ni qabul qilib, ishonchli 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdan so‘ng mersisaydliklar bosh murabbiyi jamoa yetakchilaridan biri, klub afsonasi sanalgan Muhammad Saloh haqida iliq fikrlar bildirdi.

Niderlandiyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, misrlik vinger maydonga tushgan zahoti raqib himoyasi uchun jiddiy muammoga aylandi. Uning harakatlari deyarli har bir xavfli hujumda sezilib turdi. Xususan, Salohning ilk to‘xtatishi va harakati Makallister uchun juda qulay vaziyat yaratib, deyarli golli pasga aylanishi mumkin edi.

«U raqib uchun juda xavfli futbolchi bo‘ldi. Biz yaratgan aksariyat xavfli vaziyatlarda Muhammad ishtirok etdi. Uni maydonda ko‘rish men uchun katta quvonch, ammo bu ajablanarli emas. Chunki u “Liverpul” safida bunday o‘yinlarni ko‘p bor namoyish qilgan», — dedi Arne Slot uchrashuvdan keyin.

Qayd etish joiz, Saloh avvalroq «Lids»ga qarshi o‘yindan keyin bergan intervyusi ortidan «Inter»ga qarshi bahs uchun qaydnomadan chetda qolgan edi. Biroq bu gal u uchrashuvni zaxirada boshladi va birinchi bo‘lim o‘rtalaridan boshlab Joe Gomes o‘rniga maydonga tushdi. Maydonda paydo bo‘lishi bilan jamoa o‘yiniga jon kiritgan misrlik yulduz assist bilan ham o‘z hissasini qo‘shdi.

Muhammad Salohning bu o‘yindagi faolligi va ta’sirchan harakatlari uning hali ham «Liverpul» uchun qanchalik muhim figura ekanini yana bir bor isbotladi. Muxlislar esa yetakchining qaytishi jamoa uchun yangi g‘alabalar kaliti bo‘lishiga ishonch bildirmoqda.


Angliya Premer-ligasi, Muhammad Saloh, Arne Slot, Liverpul klubi, Misrlik vinger
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing