
APLning 16-turi doirasida "Chelsi" o'z maydonida "Everton"ni 2:0 hisobida mag'lubiyatga uchratdi. Uchrashuv davomida mezbonlar o'yinni to'liq nazorat qila olishdi.
"Chelsi" o'yinni yuqori tempda boshladi va qanotlar orqali hujumlarni faol amalga oshirdi. Ular birinchi daqiqalardan boshlab "Everton" darvozasi oldida xavfli vaziyatlar yaratishga muvaffaq bo'lishdi.
21-daqiqada "Chelsi" bosimi o'z samarasini berdi. Malo Gyusto o'ng qanotdan hujumga qo'shildi va to'pni Kol Palmerga uzatdi.
Palmer esa darvozaning yaqin burchagiga aniq zarba yo'llab hisobni ochdi. "Everton" standart vaziyatlar orqali javob qaytarishga harakat qildi, ammo mezbonlar himoyasi xatolarga yo'l qo'ymadi.
Birinchi bo'lim yakunlanishiga yaqin "Chelsi" o'z ustunligini yana-da kuchaytirdi. 45-daqiqada Netu raqib jarima maydonchasiga kirib, darvoza oldiga xavfli uzatma berdi.
Malo Gyusto ikkinchi tempda hujumga qo'shilib, to'pni darvozaga yo'lladi va hisobni 2:0 ko'rinishiga keltirdi. Ikkinchi bo'limda "Chelsi" to'pni nazorat qilishga e'tibor qaratdi va o'yin tempini pasaytirib, raqibga qulay imkoniyat yaratishga yo'l qo'ymadi.
"Everton" faolroq o'ynashga urindi, lekin, asosan, noqulay pozitsiyalardan zarba berdi. Mehmonlarning eng xavfli vaziyati to'pning ustunga tegishi bilan yakunlandi.
"Chelsi" uchrashuvni xavfsiz tarzda yakunlab, muhim g'alabani qo'lga kiritdi.
Chelsi klubi, Everton jamoasi, Malo Gyusto, Kol Palmer, Futbol uchrashuvi