
O‘zbekistonda 2025-yil oktyabr oyi iste’mol bozoridagi tendensiyalar yana bir bor jiddiy o‘zgarishlarni ko‘rsatdi. Markaziy bank axborot xizmatining ma’lumot berishicha, bir qator tovar va xizmatlar narxi sezilarli darajada oshgan, ayrimlari esa pasaygan.
Oktyabrda metanning yillik bahosi keskin tarzda, 30,5 foizga ko‘tarilgani qayd etilmoqda. Bu ko‘rsatkich aholi uchun eng tez sezilgan o‘zgarishlardan biri bo‘ldi. Shu bilan birga benzin bahosi 11,7 foizga, nikoh uzugi narxi 33,4 foizga, gazeta-jurnallar 15,3 foizga, sigaretlar 9,6 foizga hamda tabiiy gullar 9,8 foizga qimmatlagan.
Bunga qarshi ravishda, ayrim turdagi mahsulot va texnikada narx pasayishi kuzatilgan. Masalan, propan 18 foizga arzonlashdi, konditsionerlar 1,3 foizga, televizorlar 0,3 foizga tushdi, qog‘oz esa 3,9 foizga arzonlashdi.
Markaziy bank ta’kidlashicha, iste’mol narxlari indeksidagi 250 ta oziq-ovqat mahsulotining 243 tasida yillik o‘sish 10 foizdan oshmagan. Biroq ayrim tovarlar keskin qimmatlagan: suyaksiz va suyakli mol go‘shti 25,3 va 24,2 foizga, karam 24,7 foizga, kungaboqar yog‘i 22,6 foizga, piyoz esa 18,9 foizga qimmatlagan.
Oziq-ovqatlardan ayrimlarida yetarlicha arzonlashish ham kuzatildi: shaftoli 28,7 foizga, tarvuz 21,8 foizga, guruchning ikki turi 18 foizga, bodring va banan mos ravishda 17,6 hamda 15,1 foizga pasaygan.
Xizmatlar sohasida ham o‘zgarishlar bor. Pul o‘tkazmalari 4,8 foizga, mikromoliyaviy xizmatlar 0,2 foizga arzonlashgan. Biroq davlat bog‘chalari narxi 21 foizga, markaziy isitish 20,9 foizga, elektr ta’minoti esa 18,8 foizga ko‘tarilgan.
Qo‘shimcha ravishda:
– ichki aviareyslar narxi – 52,3 foizga;
– tarmoq gazi – 39,2 foizga;
– sovuq suv – 35,1 foizga;
– muzey xizmatlari – 32,3 foizga;
– chiqindi tashlash – 28,6 foizga;
– suyultirilgan gaz – 25 foizga;
– shahar avtobusi yo‘l haqi – 22,3 foizga o‘sgan.
Shu bilan birga, mamlakatda yillik inflyatsiya 7,8 foizga tushib, o‘tgan yilga nisbatan 2,4 foiz punktga kamaygani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda avtogaz shoxobchalarida metanning litri 5200 so‘mgacha ko‘tarilgani haqida ham ma’lum qilingandi.
Mazkur o‘zgarishlar bozordagi mavsumiy omillar, resurslar narxi va ta’minot tizimidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq ekani aytib o‘tilmoqda.