11:48 / 23.12.2025
4 135

O‘zbekiston oltin eksportini 49,4 foizga oshirdi


O‘zbekiston 2025 yilning 11 oyi davomida xorijga umumiy qiymati 9,9 milliard dollarlik oltin eksport qildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich yillik hisobda 49,4 foizga oshgan.

Dekabr oyining boshiga kelib, respublikaning umumiy tashqi savdo aylanmasi 72,8 milliard dollardan oshdi va bu o‘tgan yilga nisbatan 21,8 foizga ko‘pdir. Mazkur davrda O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari Xitoy, Rossiya va Qozog‘iston bo‘ldi.

Ushbu davlatlarning ulushi mamlakat tashqi savdosining 42,3 foizini tashkil etdi. Eslatib o‘tamiz, 22 dekabr kuni oltin narxi birinchi marta bir unsiyasi uchun 4,4 ming dollardan oshdi.

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, bu o‘sish geosiyosiy va savdo tangligi bilan bog‘liq. Shuningdek, qimmatbaho metall narxining o‘sishiga AQSh dollarining zaiflashishi ham ta’sir ko‘rsatdi, bu esa xorijdagi investorlar uchun oltinni yanada qulay qildi.

23 dekabr tongiga kelib, oltin narxi 4 485 dollarni tashkil etdi, bu bir kunda 0,94 foizga oshganini anglatadi. Yil boshidan beri esa oltin narxi 70,1 foizga o‘sdi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing