17:25 / 22.12.2025
1 573

Farg‘onada ikki Cobalt to‘qnashdi: bir yo‘lovchi halok bo‘ldi

Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida yo‘l-transport hodisasi inson o‘limi bilan yakunlandi. Voqea 21 dekabr kuni tush paytida, soat 12:30 lar atrofida Farg‘ona mahallasi hududidan o‘tuvchi Farg‘ona–Satorobod–Xong‘iz avtomobil yo‘lining 6-kilometrida sodir bo‘lgan.

Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Farg‘ona shahri tomondan Xong‘iz qishlog‘i sari harakatlanayotgan Cobalt rusumli avtomashina yo‘lning o‘ng chetida to‘xtab turgan holda xavfsizlik talablariga amal qilmasdan, keskin ravishda chap tomonga burilgan. Oqibatda, shu yo‘nalishda orqadan kelayotgan yana bir Cobalt bilan to‘qnashuv yuz bergan.

Zarb kuchli bo‘lgani sababli avtomobil salonida bo‘lgan yo‘lovchilardan biri og‘ir tan jarohati olgan. U zudlik bilan tuman markaziy shifoxonasiga olib borilgan va shifokorlar tomonidan barcha zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Biroq ko‘rilgan choralarga qaramasdan, 52 yoshli fuqaroning hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lda to‘xtab turgan avtomashina haydovchisi xavfsizlik qoidalariga rioya qilmagani, shu jumladan, harakatni qayta boshlashda atrofdagi transport vositalarini inobatga olmagani fojeali oqibatlarga sabab bo‘lgan.

Ayni vaqtda mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan tegishli idoralar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Hodisaning barcha holatlari va sabablari aniqlanishi kutilmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing