Qashqadaryoda alimentdan qochgan ota divan ostidan topildi

Qashqadaryo viloyatida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab, uzoq vaqt yashirinib yurgan erkak kutilmagan joydan — uyidagi divan tagidan topildi. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, gap Chiroqchi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro haqida ketmoqda. U sud qaroriga muvofiq, voyaga yetmagan farzandi uchun aliment to‘lab borishi shart edi. Biroq qarzdor o‘z majburiyatini bajarmasdan, davlat ijrochilaridan yashirinishni ma’qul ko‘rgan.
Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan bir necha bor rasman ogohlantirilishiga qaramay, u aliment to‘lashni boshlamagan. Hatto uyiga qilingan bir necha tashriflar ham samara bermagan — qarzdor izsiz “yo‘qolib qolgan”.
Natijada unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Qashqadaryo viloyati MIB Qidiruv sho‘basi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirlar davomida esa u o‘z uyida, yotoqxonadagi divan ostiga berkinib olgan holda aniqlangan.
Ayni paytda qarzdorga nisbatan aliment mablag‘larini undirish va qonun doirasida tegishli choralar ko‘rish ishlari davom ettirilishi ma’lum qilindi.
Qisqasi, farzand haqidan qochib qutulib bo‘lmaydi — hatto divan osti ham ishonchli panoh emas.
Qashqadaryo viloyati, Aliment to‘lovi, Chiroqchi tumani, Majburiy ijro, Farzand haqi