The Tower Hotel oldidagi janjal: ayblanuvchi yana qamoqda

Mart oyida The Tower Hotel oldida sodir bo‘lgan janjalda aybdor deb topilgan Akmal Shukurov yana qamoq jazosiga qaytarildi, deb xabar bermoqda Oliy sud. Shu yil kuzida Shukurovga 8 yil 1 oy qamoq jazosi tayinlangan edi.
Biroq, dekabr oyining boshlarida poytaxt sudida apellyatsiya shikoyati qabul qilinib, jazosi 4 yil muddatga ozodlikni cheklash bilan almashtirilgan edi, deb yozadi Gazeta.uz. Ushbu qarorga poytaxt prokuraturasi e’tiroz bildirgan bo‘lib, Toshkent shahar sudi hay’ati bu e’tirozni qabul qildi.
Shukurovning qamoq jazosi muddati 8 yildan 6 yilga qisqartirildi, shuningdek, unga 3 yil davomida tuzatish ishlari belgilandi. "Qamoqda o‘tkazilgan vaqt jazoga qo‘shib hisoblangan bo‘lib, endi unga 5 yil 3 oy 12 kunlik qamoq jazosi qoldi", — deya ma’lum qildi Oliy sud.
Eslatib o‘tamiz, 16 mart kuni Shukurov The Tower Hotel oldida Boris Avakyan bilan janjallashib, unga jiddiy bosh jarohatlari yetkazgan. Jabrlanuvchi zudlik bilan shifoxonaga yotqizilib, unga bosh miya operatsiyasi o‘tkazilgan va u sun’iy koma holatida bo‘lgan.
Hodisadan so‘ng Shukurov Qozog‘istonga qochgan, biroq tez orada qozoq huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olinib, O‘zbekistonga qaytarilgan.
Akmal Shukurov, Oliy sud, Toshkent shahri, The Tower Hotel, Boris Avakyan