Inversiya sabab O‘zbekistonda havo ifloslanishi kuchayishi mumkinInversiya sabab O‘zbekistonda havo ifloslanishi kuchayishi mumkin

Yog‘ingarchiliklardan keyin respublika hududlarida ob-havoning nisbatan iliqlashishi kuzatilmoqda. Shu fonga bog‘liq ravishda atmosferada inversiya jarayonlari yanada faol tus olmoqda. Bu haqda “O‘zgidromet” mutaxassislari rasman ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur meteorologik holat O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida, ayniqsa Toshkent shahri, Samarqand hamda Jizzax viloyatlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ertalab, kechqurun va tungi soatlarda atmosferaning pastki qatlamlarida havo aylanishining cheklanishi kuzatilib, bu tabiiy almashinuv jarayonlarini sekinlashtirmoqda.
Natijada ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishi qiyinlashib, noqulay meteorologik sharoit yuzaga kelmoqda. Xususan, mayda dispers zarrachalar — PM2,5 va PM10 pastki atmosfera qatlamlarida to‘planib qolmoqda. Ayrim hududlarda esa ushbu zararli zarrachalar miqdorining oshishi qayd etilgan bo‘lib, bu havo sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, O‘zbekistonning tabiiy-geografik joylashuvi, relef xususiyatlari hamda sinoptik omillar inversiya jarayonlarining tez-tez kuzatilishiga sabab bo‘ladi. Shu bois mamlakat hududi atmosfera inversiyasi deyarli doimiy qayd etiladigan mintaqalar qatoriga kiradi.
Dastlabki prognozlarga ko‘ra, respublika bo‘ylab nisbatan iliq havo harorati hamda inversiya jarayoni haftaning oxirigacha saqlanib turishi mumkin. Shu sabab aholidan ehtiyotkorlikka rioya qilish, ayniqsa, sog‘liqqa ta’sir etuvchi omillarga e’tiborli bo‘lish so‘ralmoqda.