23:21 / 22.12.2025
3 381

«Gazprom» Markaziy Osiyoga gaz hajmini keskin oshiradi

Yaqin besh yil ichida Rossiyaning Gazprom kompaniyasi Markaziy Osiyo davlatlariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Vedomosti» nashri Gazprombank iqtisodiy prognozlash markazi ma’lumotlariga tayanib xabar qildi.

Manbalarga ko‘ra, hozirda Yevropa bozoriga mo‘ljallangan, ammo sanksiyalar sabab erkin qolgan gaz hajmlari uchun yangi yo‘nalishlar izlanmoqda. Shu jarayonda Markaziy Osiyo asosiy strategik bozorlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Ekspertlar ehtimoliy ta’minot hajmini yillik 19–20 milliard kub metr atrofida baholamoqda.

Ma’lumotlarga aniqlik kiritilar ekan, 2030 yilga borib O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga «Gazprom» eksporti hozirgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 2,1–2,2 barobarga oshishi mumkin. Bu o‘sishda eng katta ulush aynan O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Taxminlarga ko‘ra, mamlakatga import hajmi 3 milliard kub metrdan 12 milliard kub metrgacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Bunga asosiy sabab sifatida O‘zbekistonda ichki gaz qazib olish hajmlarining pasayib borayotgani ko‘rsatilmoqda. Shu bois tashqi ta’minotga bo‘lgan ehtiyoj yil sayin ortib bormoqda. Bu esa Rossiya uchun yangi bozorda mustahkam o‘rin egallash imkonini yaratadi.

Qozog‘istondagi vaziyat esa hozircha noaniqligicha qolmoqda. Shunga qaramay, Ostona Xitoy tomonidan bildirilayotgan shubhalarga qaramasdan, Rossiya gazini Qozog‘iston hududi orqali Xitoyga yetkazish loyihasini amalga oshirishdan umidvor. Ushbu gaz quvuri mamlakatning shimoli-sharqiy hududlarini gazlashtirish imkonini berishi va yiliga qo‘shimcha 10 milliard kub metr gaz yetkazib berishni ta’minlashi mumkin.

Eslatib o‘tish joizki, xalqaro sanksiyalar ta’sirida «Gazprom» kompaniyasining Yevropa bozoriga gaz eksporti qariyb besh barobarga qisqargan. Shu bilan birga, hatto «Sila Sibiri 2» gaz quvuri to‘liq ishga tushirilgan taqdirda ham, kompaniya barcha ortiqcha hajmlarni Xitoy bozoriga yo‘naltirish imkoniyatiga ega emas.

Shu bois Markaziy Osiyo mamlakatlari «Gazprom» uchun nafaqat yaqin geografik hudud, balki kelgusi yillarda asosiy energiya hamkorlaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Bu jarayon esa mintaqadagi energetik munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.


Gazprom kompaniyasi, Markaziy Osiyo, Tabiiy gaz, O‘zbekiston importi, Energetik munosabatlar
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing