15:29 / 21.12.2025
3 234

AQSH Venesuela sohillarida yana neft tankerini qo‘lga oldi

AQSH harbiylari Venesuela qirg‘oqlariga yaqin hududda navbatdagi neft tankerini qo‘lga oldi. Bu voqea AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan Venesuelaga kirib-chiqayotgan, Amerika sanksiyalari ostida bo‘lgan barcha neft tankerlarini to‘liq blokada qilish haqida berilgan buyruqdan bir necha kun o‘tib ro‘y berdi.

Karakas rasmiylari ushbu harakatni ochiqdan ochiq “o‘g‘irlik” deb baholab, AQSHning bunday qadamlari javobsiz qolmasligini ma’lum qildi. Venesuela hukumati xalqaro maydonda barcha imkoniyatlardan foydalanish, jumladan, BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qilish niyati borligini bildirdi.

Bu ikki hafta ichida tanker to‘xtatilishi bilan bog‘liq ikkinchi holat hisoblanadi. E’tiborli jihati — bu safar qo‘lga olingan kema rasman AQSH sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmagan edi. Shu bois, hodisa atrofidagi savollar yanada ko‘paydi.

So‘nggi oylarda AQSH Venesuela sohillari yaqinida harbiy ishtirokini keskin oshirmoqda. Vashington bu harakatlarni narkotrafikka qarshi kurash bilan izohlayotgan bo‘lsa, Karakasda bunga boshqacha qarash hukm surmoqda. Venesuela rahbariyatiga ko‘ra, AQSH mamlakatning tabiiy boyliklari, eng avvalo neft ustidan nazoratni kuchaytirish va siyosiy tizimni o‘zgartirishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sentyabr oyidan buyon AQSH Karib dengizida giyohvand moddalar savdosida gumon qilingan 20 dan ortiq kemani nishonga olgan. Bu operatsiyalar oqibatida kamida 87 kishi halok bo‘lgani xabar qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 10 dekabr kuni AQSH Eron bilan aloqalari sabab sanksiya ostiga tushgan Skipper nomli yirik neft tankerini ham qo‘lga olgan edi. 20 dekabr kungi operatsiya esa AQSH qirg‘oq qo‘riqlash xizmati tomonidan harbiylar ko‘magida amalga oshirildi. Maxsus taktik guruh xalqaro suvlarda bo‘lgan kemaning palubasiga chiqib, uni to‘xtatgan.

AQSH ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem ijtimoiy tarmoqdagi chiqishida yetti daqiqalik operatsiya videosini joylab, Amerika sanksiyalarga duch kelgan va mintaqada narkoterrorizmni moliyalashtirishda ishlatiladigan neft aylanmasiga qarshi kurashni davom ettirishini ta’kidladi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, shanba kuni to‘xtatilgan Centuries kemasi AQSH sanksiyalari ro‘yxatida bo‘lmagan. CNN xabariga ko‘ra, Panama bayrog‘i ostida suzayotgan ushbu kema Osiyo tomon yo‘l olgan. BBC Verify esa tanker so‘nggi besh yil ichida Xitoyga tegishli bo‘lib, turli davrlarda Gretsiya va Liberiya bayroqlari ostida ham harakatlanganini qayd etgan.

Venesuela neftiga nisbatan AQSH sanksiyalari saqlanib qolgan bo‘lsa-da, ayrim kompaniyalar uchun istisnolar mavjud. Xususan, Amerikaga tegishli Chevron Venesuelada qator konlarda burg‘ilash ishlarini olib boradi va davlat neft kompaniyasi Petroleos de Venezuela bilan hamkorlik qiladi.

Yuzaga kelayotgan ushbu holatlar AQSH–Venesuela munosabatlaridagi keskinlik yanada kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu vaziyat qanday tus olishi esa yaqin haftalarda aniqroq ma’lum bo‘lishi mumkin.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing