11:02 / 21.12.2025
3 151

Avstraliyani larzaga keltirgan hujum: hukumat keskin choralar ko‘rmoqda

Avstraliyada Sidneyning Bondi-Bich hududida sodir bo‘lgan qurolli hujum qurbonlarini xotirlash tadbirlari o‘tkazildi. Bir hafta avval yahudiylarning Hanukka bayrami vaqtida yuz bergan hujum oqibatida 15 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohatlangan. Shu munosabat bilan mamlakatda xotira kuni e’lon qilindi.

Yakshanba kuni hukumat binolarida bayroqlar yarim tushirildi va hujum boshlangan vaqtda bir daqiqalik sukut saqlandi. Aholiga qurbonlarni xotirlash uchun sham yoqish tavsiya etildi. Bondi-Bichda o‘tkazilgan xotira marosimi kuchaytirilgan politsiya nazorati ostida bo‘lib o‘tdi.

Bosh vazir Entoni Albanese mamlakatdagi huquq-tartibot va razvedka idoralari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Uning aytishicha, hozirgi xavfsizlik sharoitida davlat tuzilmalari aholining xavfsizligini ta’minlashga to‘liq tayyor bo‘lishi kerak. Tekshiruv natijalari kelgusi oylarda e’lon qilinadi.

Rasmiylar hujumni yahudiylarga qarshi terrorchilik harakati sifatida tergov qilmoqda. Hodisadan so‘ng mamlakat bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirildi va nafratga asoslangan jinoyatlarga qarshi kurash qat’iylashtirildi. Hukumat Avstraliyada zo‘ravonlik va ekstremizmga o‘rin yo‘qligini ta’kidladi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing