
Avstraliyaning Sidney shahridagi Bondi-Bich hududida Hanukka bayrami vaqtida qurolli hujum sodir bo‘ldi. Hodisa yakshanba kuni kechqurun bo‘lib o‘tdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan, 29 nafar kishi tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan. Tadbirda taxminan mingga yaqin odam ishtirok etgan.
Politsiya hujumni yahudiy jamoasiga qaratilgan, ataylab qilingan harakat deb baholadi. Gumonlanuvchilardan biri voqea joyida halok bo‘lgan, ikkinchisi og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan. Hozirda hujumga boshqa shaxslar ham aloqador bo‘lishi mumkinligi tekshirilmoqda.
Avstraliya bosh vaziri Entoni Albanize hodisani keskin qoraladi va bu mamlakat uchun og‘ir kun ekanini aytdi. Unga ko‘ra, xavfsizlik xizmatlari voqeaning sabablarini aniqlash va aybdorlarni topish ustida ish olib bormoqda.
Hodisa mamlakat ichida va tashqarisida katta xavotir uyg‘otdi. Turli diniy va jamoat tashkilotlari zo‘ravonlikni qoralab bayonot berdi. Hozirda voqea sodir bo‘lgan hududda va boshqa jamoat joylarida xavfsizlik kuchaytirilgan.