AQSHda MIT yadro fizikasi markazi rahbari otib o‘ldirildi

AQSHda fan olami uchun og‘ir yo‘qotish qayd etildi. Massachusets texnologiya institutining plazma fizikasi va termoyadro tadqiqotlari markazi rahbari, taniqli yadro fizikasi olimi Nuno Lureyro fojiali tarzda hayotdan ko‘z yumdi.
Amerika huquqni muhofaza qilish idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, 15-dekabr kuni olim Bruklinda joylashgan o‘z uyida o‘qdan og‘ir yaralangan holda topilgan. Lureyro zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan bo‘lsa-da, shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmadi. Olim olingan jarohatlar oqibatida ertasi kuni vafot etgan.
Hozirda politsiya hodisa bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atib, gumonlanuvchini qidirish ishlarini olib bormoqda. Tergov jarayoni davom etyapti, hujum motivlari esa hali aniqlanmagan.
E’tiborli jihati shundaki, ikki kun avval Braun universitetida ham otishma sodir bo‘lib, unda ikki kishi halok bo‘lgan, yana to‘qqiz nafar inson turli darajada jarohat olgan edi. Biroq FBR vakillari ushbu ikki voqea o‘rtasida hozircha hech qanday bog‘liqlikni tasdiqlovchi dalillar yo‘qligini bildirishdi. Nuno Lureyroning uyi Braun universitetidan taxminan 80 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Ma’lumot uchun, Nuno Lureyro Portugaliyada tug‘ilgan bo‘lib, 2005 yilda AQSHga ko‘chib kelgan. U 2016 yildan buyon MITda faoliyat yuritib, dastlab plazma fizikasi markazi direktorining o‘rinbosari sifatida ishlagan, keyinchalik esa markaz rahbari lavozimiga tayinlangan. Olim plazma va termoyadro sintezi sohasidagi ilmiy izlanishlari bilan xalqaro miqyosda katta obro‘ qozongan edi.
Bu fojia AQSHda olimlar xavfsizligi masalasini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. Fan jamoatchiligi esa Lureyroning o‘limiga chuqur hamdardlik bildirmoqda.
Nuno Lureyro, Massachusets texnologiya, Plazma fizikasi, Termoyadro tadqiqotlari, Braun universiteti