Belarus-Polsha chegarasidan noqonuniy migrantlar o‘tgan tunnel aniqlandi

Polsha chegara xizmati 2025 yil 11 dekabr kuni Podlyaskoye voyevodligidagi Narevka aholi punkti atrofida qazilgan yerosti tunnel orqali 180 nafardan ortiq noqonuniy migrantning Polshaga kirib kelganini ma’lum qildi. Chegarachilar, harbiylar va politsiya xodimlari ushbu tunneldan foydalangan 130 nafardan ortiq shaxsni ushlashga muvaffaq bo‘ldi. Qolgan migrantlarni qidirish ishlari davom etmoqda.
Polsha chegara xizmati vakili, podpolkovnik Andjey Yuzvyakning ma’lumotlariga ko‘ra, tunnel uzunligi bir necha o‘n metr bo‘lib, uning balandligi taxminan 1,5 metrni tashkil etgan. Tunnelning kirish qismi Belarus tomonida chegaradan 50 metr, chiqish qismi esa Polsha tomonidagi to‘siqdan 10 metr masofada joylashgan.
Elektron nazorat tizimlari orqali tunneldan 180 nafardan ortiq xorijiy fuqarolarning foydalangani aniqlangan. Ushlanganlarning katta qismi — Afg‘oniston va Pokiston fuqarolari, shuningdek, Hindiston, Nepal va Bangladesh pasportlariga ega shaxslar ham Polshaga kirgan.
Polsha chegara boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Podlyaskoye chegara boshqarmasi Belarus bilan chegara ostida qazilgan to‘rtta tunnelni aniqladi. Maxalliy huquq-tartibot organlari, migrantlar bilan birga, ularni g‘arbiy Yevropa davlatlariga olib ketish maqsadidagi ikki haydovchini ham qo‘lga oldi. Bu 69 yoshli polyak va 49 yoshli litvalik shaxslar ekanligi ma’lum qilindi.
Har yili taxminan 30 ming kishi Belarus—Polsha chegarasini noqonuniy bosib o‘tishga urinadi. Bu ko‘rsatkichlar 2021 yildan beri o‘zgarmaydi, shuga qaramay, chegarada po‘lat devorlar, dronlar va issiqlikni ko‘ruvchi kameralar o‘rnatilgan.
Polsha bosh vaziri Donald Tusk hukumati migratsiyaga qarshi siyosatni davom ettiradiganini ma’lum qildi. Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen esa Polshaga chegara himoyasini kuchaytirish uchun moliyaviy yordam berishini ta’kidladi.
Polsha chegara xizmati, Noqonuniy migratsiya, Belarus—Polsha chegarasi, Podlyaskoye voyevodligi, Yevropa komissiyasi