Zelenskiy Kupyanskda: Putinning g‘alaba hisoboti yolg‘onga chiqdi!

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 12 dekabr, juma kuni Xarkiv oblastidagi Kupyansk shahriga kirish joyida o‘rnatilgan stela oldida shaxsan turib videomurojaat yo‘lladi. Bu holat, aynan yaqinda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ushbu shahar egallangani to‘g‘risida hisobot berilgani fonida, keskin qarama-qarshilik yaratdi. Shu kunlarda ukrain harbiylari Kupyansk hududida muvaffaqiyatli qarshi hujum uyushtirilgani va rossiyaliklarning bu yerdagi guruhi qurshab olingani haqida xabar berishdi.
Zelenskiyning javobi: “Biz ko‘ryapmiz”
Rossiya qo‘mondonligi Kupyansk yo‘nalishida muvaffaqiyatga erishayotganini ta’kidlashda davom etayotgan bir paytda, Zelenskiy o‘zining murojaati orqali rasmiy Moskvaning bayonotlariga ishonchsizlik bildirdi.
Zelenskiy: “Bugun – Kupyansk yo‘nalishi, qaysiki bizning jangchilar Ukraina uchun natijalarga erishayotgan joy. Kupyansk haqida rossiyaliklar ko‘p gapirishdi – biz esa ko‘rib turibmiz. Men yigitlarni tabrikladim”, – degan prezident. (Murojaat paytida kamida bir marta portlash ovozi eshitilgan).
“Xartiya” korpusining strategik yutug‘i
Ukrainaning “Xartiya” korpusi xabariga ko‘ra, sentyabr oyida Kupyanskda vaziyat og‘irlashganidan so‘ng, Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy tomonidan “Xartiya” qidiruv-zarbdor guruhi tuzilgan. Bu guruh tarkibiga “Xartiya” brigadasi, 92-shturm brigadasidan 475-shturm polki, Bosh razvedka boshqarmasi tarkibidagi Xorijiy legion va 144-mexanizatsiyalashgan brigada kiritilgan. Ularning asosiy vazifasi Rossiyaning Kupyanskka yorib kirgan guruhini yo‘q qilish bo‘lgan.
“Xartiya”dagilarning 12 dekabrdagi ma’lumotiga ko‘ra, guruh Oskol daryosi bo‘ylariga yetib borib, daryoning o‘ng sohilidagi rossiyaliklarni ta’minotdan uzib qo‘ygan.
Rossiyaliklar qurshovda
“Xartiya” 2-korpusi qo‘mondoni Igor Obolenskiy “Ukrainskaya pravda” nashriga bergan intervyusida, hozirgi holatni quyidagicha izohladi:
“Shaharga kirish va uni ruslardan tozalash vazifasi qo‘yildi. Biz bir vaqtning o‘zida 2-3 yo‘nalishda ish olib borib, ularni logistikadan mahrum etdik. Bugungi kunda ishonch bilan ayta olamizki, shahardagi rossiyaliklar asosiy kuchlaridan to‘liq uzilib qolgan. Ular ancha vaqtgacha nimalar bo‘layotganini tushuna olmagan, ammo hozirga kelib qurshovda qolishganini bilishadi”.
Korpus ma’lumotiga ko‘ra, ukrain kuchlari Kupyanskdan shimoldagi Kondrashovka va Radkovka qishloqlarini, shuningdek, atrofdagi hududlarni to‘liq ozod qilgan. Hozirda shahardagi rossiyaliklar soni 200 dan ko‘p emas. Biroq, shaharda qolayotgan 500 ga yaqin tinch aholining “jonli qalqon” sifatida foydalanilishi Mudofaa kuchlarining ishini qiyinlashtirmoqda.
Rossiyaning qarama-qarshi hisobotlari
Bu voqealar fonida, Rossiya mudofaa vazirligi sakkizta aholi yashash manzili, jumladan, Kupyansk yaqinidagi Kurilovka qishlog‘i egallanganini xabar qilgan. Lekin ukrainlarning Kupyansk shimolidagi qishloqlarni qaytarib olgani haqidagi xabarga izoh berilmagan.
Avvalroq Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov va Prezident Putinga Kupyansk go‘yoki egallangani haqida kamida ikki marta hisobot berilgan. Bu bayonotlar nafaqat ukrainalik harbiylar tomonidan, balki rossiyalik Z blogerlar tomonidan ham shubha bilan kutib olingan va “ko‘zbo‘yamachilik” deb atalgan.
Volodimir Zelenskiy, Ukraina prezidenti, Rossiya qo'mondonligi, Xartiya korpusi, Kupyansk shahri