Qamoqdagi o‘zbekistonlik: elchixona giyohvand modda savdosi ishiga aralashdi!

O‘zbekiston Respublikasining Pokistondagi diplomatik vakolatxonasi xodimi Karachi shahridagi Markaziy ayollar qamoqxonasiga maxsus tashrif buyurib, u yerda vaqtincha saqlanayotgan o‘zbekistonlik fuqaro bilan uchrashdi. Diplomatlar mazkur vatandoshning murojaati asosida ishning tafsilotlarini jiddiy o‘rganib, sud jarayonini diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Tadbirkorlikdan hibsgacha
Ma’lum qilinishicha, ushbu fuqaro Pokistonga 2024 yil dekabr oyida Maldiv orollari fuqarosi bo‘lgan shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘i bilan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida kelgan. Biroq, 2025 yil yanvar oyida u giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan guruhga turmush o‘rtog‘i bilan sheriklikda gumon qilinib hibsga olingan va Karachidagi qamoqxonaga joylashtirilgan. Ayni damda unga nisbatan ochilgan sud jarayoni davom etmoqda.
Yordam so‘rab murojaat
Fuqaro elchixonaga yo‘llagan murojaatida xorijlik turmush o‘rtog‘ining yolg‘on va’dalariga ishonib Pokistonga kelganini, o‘zining giyohvand moddalar savdosiga umuman aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan va ozodlikka chiqishda yordam so‘ragan.
O‘zbekistonlik diplomatlar murojaatdan so‘ng fuqaro bilan bir necha bor suhbat o‘tkazgan, tergov tafsilotlarini o‘rgangan va sud muhokamalarini monitoring qilib kelmoqda. Vatandoshning aytishicha, elchixonaning faol aralashuvidan keyin unga qo‘yilgan ayblovlar yanada xolis ko‘rib chiqilmoqda.
Advokat o‘zgartirildi va yordam ko‘rsatildi
Uchrashuv davomida fuqaroning haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida konsullik-huquqiy maslahatlar berildi.
Qayd etilishicha, Pokiston tomonidan ajratilgan dastlabki advokat ishga sustkashlik bilan yondoshgani sababli u bilan tuzilgan kelishuv bekor qilinib, elchixona tomonidan boshqa malakali advokat yollangan. Yangi jalb qilingan himoyachi fuqaroning ozodlikka chiqish imkoniyati yuqori ekanini ma’lum qilgan.
Shuningdek, faol vatandoshlar ko‘magida qamoqdagi ayolga oziq-ovqat mahsulotlari, qishki kiyim-kechak va pul mablag‘i yetkazib berilgan.
Qamoqxona rahbariyati bilan muzokara
Safar chog‘ida elchixona xodimi qamoqxona rahbariyati bilan ham uchrashib, vatandoshni tez orada O‘zbekistonga — yaqinlari oldiga qaytarish imkoniyatlarini muhokama qildi. Bundan tashqari, unga dam olish, yaqinlari bilan uchrashish, telefon orqali muloqot qilish, advokat bilan ko‘rishish va tibbiy xizmatdan o‘z vaqtida foydalanish shart-sharoitlarini yanada kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi, Pokiston elchixonasi, Diplomatlar faoliyati, Sud jarayoni, Giyohvand moddalar