18:41 / 12.12.2025
119 685

Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi: o‘lim jazosi tiklanmaydi!

Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi mamlakat prezidenti Sadir Japarovning o‘lim jazosini qayta tiklash bo‘yicha ilgari surgan tashabbusini qat’iy rad etdi. Prezident ma’muriyati avvalroq bolalarni zo‘rlash va shafqatsiz qotillik kabi og‘ir jinoyatlar uchun oliy jazo chorasini qaytarish maqsadida tegishli qonun loyihasini Konstitutsiyaviy sudga taqdim etgan edi.

Inson huquqlari — Oliy qadriyat

Konstitutsiyaviy sud tomonidan e’lon qilingan rasmiy bayonotda qayd etilishicha, taklif etilgan o‘zgartirishga baho berishda uning Mamlakat Asosiy qonuniga (Konstitutsiyaga) salbiy ta’siri inobatga olingan.

Ta’kidlanishicha, Qirg‘iziston Konstitutsiyasida inson huquqlari oliy qadriyat sifatida mustahkamlangan. Inson huquqlarining himoyasi esa konstitutsiyaviy tuzumning tamalini tashkil etadi. Shu nuqtayi nazardan, o‘lim jazosining bekor qilinishi va yashash huquqining ustuvorligi nafaqat huquqiy, balki qadriyat jihatdan ham muhim ahamiyatga ega.

Xalqaro majburiyatlar ustunligi

Sud o‘z xulosasida xalqaro huquqiy me’yorlarni ham yodga olgan. Qirg‘iziston Asosiy qonuniga muvofiq, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari mamlakat huquqiy tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va davlat ularga rioya etish majburiyatini olgan.

Sudning qat’iy xulosasiga ko‘ra, Qirg‘izistonda konstitutsiyaviy o‘zgartirish orqali o‘lim jazosini tiklash Asosiy qonunga zid va yuridik jihatdan imkonsizdir. Natijada, o‘lim jazosini tiklash haqidagi qonun loyihasi referendumga qo‘yilishi ham mumkin emas. Konstitutsiyaviy sud qarori kuchga kirishi bilan ushbu loyihani targ‘ib etish bilan bog‘liq barcha harakatlar to‘xtatiladi.

Tashabbus sababi: Issiqko‘ldagi fojia

Prezident Sadir Japarovning ushbu taklifni ilgari surishiga joriy yil oktyabr oyi boshida sodir bo‘lgan shafqatsiz fojia — issiqko‘llik 17 yashar Oysuluv ismli qizning shafqatsizlarcha o‘ldirilishi sabab bo‘lgan edi. Qiz 41 yoshli erkak tomonidan o‘g‘irlab ketilgani, zo‘rlangani va keyinchalik o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Qirg‘izistonda o‘lim jazosi 2007 yilda bekor qilingan edi. So‘nggi vaqtlarda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoyatlar, ayniqsa o‘ldirish va zo‘rlash bilan bog‘liq holatlar ko‘payishi manzarasida oliy jazoni qaytarish taklifi jamiyatda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan edi.


Qirg‘iziston Konstitutsiyasi, Sadir Japarov, Inson huquqlari, O‘lim jazosi, Xalqaro majburiyatlar
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing