10:15 / 04.12.2025
199 106

Urush vaziri janjali: Pit Hegset maxfiy ma’lumotni chatda oshkor qildi!

Signal’dagi xavf: Pentagon qoidalari buzildi

AQSHning urush vaziri Pit Hegset 2025-yil mart oyida Yamanlik husiychilar pozitsiyalariga havodan beriladigan zarbalar haqidagi maxfiy ma’lumotni Signal messenjerida jurnalist ishtirok etgan guruhga yozib, Amerika qo‘shinlari va amalga oshirilayotgan missiyani tahdid ostida qoldirgan. Bu haqda Pentagon bosh inspektori hisobotiga tayanib CNN va AP agentliklari xabar berdi.

Sakkiz oy davom etgan surishtiruv yakuniy hujjatida qayd etilishicha, Hegset ma’lumotni maxfiylik darajasini pasaytirishga haqqi bo‘lsa-da, «Pentagonning ichki qoidalarini buzgan», chunki u xususiy moslamasini xizmat vazifalari uchun ishlatgan. Shu sababli inspektor idora xodimlarini qo‘shimcha o‘qitishni tavsiya etgan.

Hegset inspektor bilan shaxsan suhbatlashishdan bosh tortgan, ammo yozma bayonotida chatda u, o‘z fikricha, missiyani xavf ostiga qo‘ymaydigan tafsilotlarnigina aytganini ta’kidlagan. Masalan, u harbiy samolyotlarning uchish vaqti va bombardimonlar boshlanish soatini pilotlar havoga ko‘tarilishidan oldin ikki xil chatda yozgan.

Oqlash va yuqori darajadagi qo‘llab-quvvatlash

Pentagon Hegsetni yoqlab chiqdi. Harbiy idora vakili Shon Parnell: «Bosh inspektor tekshiruvi vazir Hegsetni to‘la oqlaydi va hech qanday maxfiy ma’lumot uzatilmaganligini tasdiqlaydi. Bu masala hal etilgan», — dedi. Oq uy esa AQSH prezidenti Donald Tramp «urush vazirini qo‘llab-quvvatlashini» qo‘shimcha qildi.

Tasodifan qo‘shilgan jurnalist

The Atlantic nashri bosh muharriri Jeffri Goldberg 24-mart kuni uni yuqori martabali amaldorlar Yamandagi zarbalarni muhokama qilgan Signal’dagi chatga bexosdan kiritib yuborilganini oshkor qildi. Chatda 18 kishi, jumladan Hegset, Uitkoff va Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar ham bor edi. Nashr yozishmaning to‘liq stenogrammasini e’lon qildi, chunki ularning fikricha, yuqori lavozimli shaxslar, shu jumladan MRB va Milliy razvedka direktorlari, voqeaning ahamiyatini kamaytirishga uringan.


Pentagon Qoidalari, Maxfiy Ma'lumot, Harbiy Zarba, Signal Messenjeri, Yaman Zarbalari
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing