15:20 / 17.11.2025
3 689

Sayyohlar o‘limi ortidan Istanbulda 11 kishi hibsga olindi

Istanbulda sayyohlar o‘limi ortidan 11 kishi hibsga olindi.Bu haqda IHA axborot agentligi xabar berdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniyadan kelgan Bojeklar oilasining o‘limi bilan bog‘liq tergov doirasida Istanbul politsiyasi Harbour Suites mehmonxonasini yopib, uni to‘liq tekshiruvga olgan.

Rasmiylarga ko‘ra, qo‘lga olinganlar soni 11 nafarga yetgan, ular orasida dezinfeksiya kompaniyasi xodimi va mehmonxonaning ikki nafar ishchisi ham bor.

Voqea 12 noyabr kuni sodir bo‘lgan. Nemis sayyohlari — ota, ona va ikki farzand — qusish va o‘zini yomon his qilish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan, biroq ular o‘sha kuni qo‘yib yuborilgan. Ertasi kuni, ularning ikki nafar farzandi (uch va olti yoshda) vafot etgan, onasi esa keyingi kuni hayotdan ko‘z yumgan. Ota hozirda intensiv terapiya bo‘limida og‘ir ahvolda qolmoqda.

Tergovga yaqin manbalar mehmonlarning ahvoli mehmonxona suv tizimi yoki dezinfeksiya jarayonida ishlatilgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Shunga qaramay, bu versiyalar hozircha rasman tasdiqlanmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, Harbour Suites mehmonxonasi o‘z oshxonasiga ega emas, faqat ichimlik suvi taqdim etadi. Shu bois, asosiy e’tibor suv manbalariga qaratilgan.

Hodisa Istanbul jamoatchiligi va Germaniya ommaviy axborot vositalarida katta rezonans uyg‘otdi. Germaniya elchixonasi voqeani diqqat bilan kuzatmoqda va mahalliy idoralar bilan hamkorlikda rasmiy tibbiy ekspertiza o‘tkazilishini talab qilgan.

Tergov davom etmoqda, ammo hozircha aniq sabab haqida rasmiy bayonot berilmagan.


Istanbul Politsiyasi, Germaniya Sayyohlari, Harbour Suites, Suv Tizimi, Tibbiy Ekspertiza
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing