17:34 / 23.12.2025
2 173

Karim Benzema Parij safarida Pikasso asarini xarid qildi

Fransiyalik mashhur hujumchi Karim Benzema dam olish kunlarini Parijda o‘tkazdi. U bu safar davomida yangi do‘sti — aktrisa Lina Xudri bilan birga dunyoning eng mashhur madaniy maskanlaridan biri sanalgan «Luvr» muzeyini tomosha qildi. Sayohat nafaqat madaniy hordiq, balki san’at olamidagi katta xarid bilan ham yodda qoldi.

Ma’lum bo‘lishicha, Benzema 1964 yilda buyuk rassom Pablo Pikasso tomonidan yaratilgan «Erkak boshi» nomli kartinani sotib olgan. Asar uchun to‘langan aniq summa ochiqlanmagan. Biroq mutaxassislar ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda Pikasso ijod namunalariga bo‘lgan talab keskin oshib, ayrim asarlar o‘nlab million yevroga baholanmoqda. Shu bois, Benzemaning ushbu xaridi nafaqat estetik, balki investitsion jihatdan ham katta qadam sifatida baholanmoqda.

Futbolchining san’atga bo‘lgan qiziqishi avval ham muxlislarga yaxshi tanish edi. Bu gal esa u Parij muhitida, do‘stona va iliq kayfiyatda mashhur muzeyni aylanib, o‘z kolleksiyasini yana bir qimmatli asar bilan boyitdi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda Karim Benzema Saudiya Arabistonining «Al Ittihod» klubi sharafini himoya qilmoqda. Undan avval esa ko‘p yillar davomida Madridning «Real» jamoasida o‘ynab, Yevropa futboli tarixida o‘z nomini qoldirgan edi. Tajribali hujumchi 2023 yilda faoliyatini Yaqin Sharqda davom ettirishga qaror qilgan.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing