23:31 / 21.12.2025
3 241

Vinisius Junior ta’tilga chiqdi: Dubay safarining sabablari...

«Real» futbolchilari mavsum yakunlanishi bilan qisqa dam olish davrini boshlab yuborishdi. Shanba kuni Xabi Alonso shogirdlari 2025-yildagi so‘nggi rasmiy uchrashuvda «Sevilya»ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi va yilni ijobiy ruhda yakunladi.

Ushbu bahsdan so‘ng jamoa hujumchisi Vinisius Junior ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasi orqali Dubayga uchganini ma’lum qildi. Braziliyalik futbolchi safar tafsilotlarini ochiq aytmadi, ammo manbalarga ko‘ra, ushbu tashrif «Real» klubining Visit Dubai bilan hamkorlik loyihalari doirasida amalga oshirilishi mumkin.

Ma’lumki, «qirollik klubi» so‘nggi yillarda Dubay bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Klub futbolchilari turli reklama va marketing tadbirlarida ishtirok etib, brendni xalqaro maydonda yanada keng targ‘ib qilayotgani sir emas. Shu nuqtayi nazardan, Vinisiusning safarini ham shunchaki ta’til emas, balki rasmiy va imidjiy vazifalar bilan bog‘liq tashrif sifatida baholash mumkin.

Shu bilan birga, Vinisius Junior oxirgi kunlarda muxlislar bilan bog‘liq vaziyat sabab jamoatchilik diqqati markazida bo‘ldi. «Sevilya»ga qarshi o‘yindan keyin ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida profil suratini o‘zgartirib, «Real» futbolkasidagi fotosuratini olib tashladi va uning o‘rniga Braziliya milliy jamoasi libosidagi rasmini joyladi. Bu harakat ayrim muxlislar tomonidan turlicha talqin qilindi.

Qayd etish joiz, braziliyalik hujumchi joriy mavsum davomida tanqid va qo‘llab-quvvatlash o‘rtasida qoldi. Ayrim uchrashuvlarda uning o‘yini muxlislar tomonidan keskin baholangan bo‘lsa-da, Vinisius jamoa uchun muhim futbolchilardan biri bo‘lib qolmoqda.

Ayni paytda esa futbolchi diqqatini maydondan tashqari hayotga qaratgan ko‘rinadi. Dubay safarining unga ruhiy jihatdan dam olish, shuningdek, yangi mavsum oldidan o‘zini qayta tiklab olish imkonini berishi kutilmoqda. «Real» muxlislari esa Vinisiusning maydonga yanada kuchli va ishtiyoq bilan qaytishidan umidvor.


Real Madrid, Vinisius Junior, Dubay safari, Braziliya jamoasi, Marketing loyihalari
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing