14:23 / 15.12.2025
1 539

Pedri "Barselona" tarixida 15 yil avval Messi o‘rnatgan rekordni yangiladi

Kataloniyaning “Barselona” klubi yarim himoyachisi Pedri yana bir tarixiy marraga yetib bordi. Opta ma’lumotlariga ko‘ra, iqtidorli ispaniyalik futbolchi “ko‘k-anorranglilar” safida La Liga doirasida 150 ta rasmiy uchrashuvda maydonga tushdi.

Ushbu muhim bellashuv Ispaniya chempionatining 16-turida qayd etildi. 13 dekabr kuni Pedri “Osasuna”ga qarshi o‘yinda ishtirok etib, o‘z nomi bilan klub solnomasiga yana bir yorqin sahifa qo‘shdi. Aynan shu bahs u uchun La Ligadagi 150-o‘yin sifatida tarixga kirdi.

E’tiborlisi, Pedri bu natijaga 23 yosh-u 18 kunligida erishdi va “Barselona” tarixida La Ligada 150 ta o‘yin o‘tkazgan eng yosh futbolchiga aylandi. Shu tariqa u klub afsonasi Lionel Messining rekordini yangiladi.

Avvalgi rekord argentinalik yulduz Messiga tegishli edi. U 2010 yilda “Saragosa”ga qarshi uchrashuvda “Barselona” safida La Ligadagi 150-o‘yinini o‘tkazgan va o‘sha paytda 23 yosh-u 121 kunlik bo‘lgan.

Pedri uchun bu marraga yetish oson kechmadi. Ispaniyalik yarim himoyachiga chempionatda 150 ta o‘yin o‘tkazish uchun besh yildan sal ko‘proq vaqt talab etildi. U La Ligadagi debyutini 2020 yil 27 sentyabr kuni “Vilyarreal”ga qarshi bahsda o‘tkazgan edi.

Qisqa vaqt ichida bunday natijaga erishish Pedrining barqaror o‘yini, ishonchli harakatlari va “Barselona”dagi muhim o‘rnini yaqqol ko‘rsatadi. Mutaxassislar fikricha, uni oldinda yana ko‘plab rekordlar va katta yutuqlar kutib turibdi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing