Lautaro Martines «Barselona» variantini jiddiy o‘rganmoqda

Italiyaning «Inter» jamoasi sardori Lautaro Martines faoliyatini Ispaniya chempionatida davom ettirish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Xususan, argentinalik hujumchining diqqat markazida «Barselona» varianti turgani haqida El Nacional nashri xabar tarqatdi.
Manbaga ko‘ra, Martines o‘zini kataloniyaliklar safidagi tajribali forvard Robert Levandovskining uzoq muddatli o‘rinbosari sifatida tasavvur qilmoqda. Ma’lumki, polshalik hujumchining «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning 30 iyun kuni yakunlanadi va klub rahbariyati 37 yoshli futbolchi bilan yangi bitim tuzmasligi mumkin.
Joriy mavsumda Levandovski barcha musobaqalarda 16 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol va 1 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Biroq yosh omili va klubning kelajakka qaratilgan rejalari uning o‘rnini bosadigan yangi yetakchi hujumchi qidirishga majbur qilayotgani aytilmoqda.
Lautaro Martines esa hozirgi paytda yuqori sport formasida. «Inter» yetakchisi bu mavsum 19 ta o‘yinda ishtirok etib, 11 ta gol va 2 ta golli uzatma bilan jamoasining asosiy tayanchiga aylandi. Uning harakatlari nafaqat Italiyada, balki Yevropaning bir qator grand klublari diqqatini jalb qilmoqda.
Shu bilan birga, Martinesning milanliklar bilan shartnomasi 2029 yil yozigacha amal qiladi. Bu esa ehtimoliy transfer muzokaralari oson kechmasligini anglatadi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, argentinalik hujumchining bozor qiymati 85 million yevro atrofida baholanmoqda.
Mutaxassislar fikricha, agar «Barselona» haqiqatan ham Lautaroni o‘z safida ko‘rishni istasa, klub moliyaviy va strategik jihatdan jiddiy qaror qabul qilishiga to‘g‘ri keladi. Muxlislar esa bu ehtimoliy transfer kataloniyaliklar hujumiga yangi nafas olib kirishiga umid qilmoqda.
Lautaro Martines, Barselona klubi, Robert Levandovski, Transfer muzokaralari, Yevropa grandlari