O‘runovning goli bilan «Persepolis» tarixiy rekordni yangiladi

Eron Pro-ligasining navbatdagi turida «Persepolis» muxlislarini quvontirgan muhim g‘alabaga erishdi. Tehron klubi «Paykan»ga qarshi o‘yinda minimal — 1:0 hisobida ustun keldi. Uchrashuv taqdirini esa O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Oston O‘runov tomonidan kiritilgan yagona gol hal qildi.
Bu g‘alaba «Persepolis» uchun nafaqat turnir jadvalida qimmatli ochkolarni taqdim etdi, balki Eron chempionati tarixida o‘ziga xos rekord sifatida ham qayd etildi. Ma’lum bo‘lishicha, Pro liga tarixida hech bir jamoa «Paykan»ni «Persepolis» kabi ko‘p marta mag‘lub etmagan.
Ayni paytga qadar Tehron klubi ushbu raqibga qarshi o‘tkazgan o‘yinlarda jami 92 ochko jamg‘argan. Bu ko‘rsatkich «Persepolis»ni mazkur raqobatda mutlaq peshqadamga aylantirib qo‘ydi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu natija klubning yillar davomidagi barqaror o‘yini va tajribasini yaqqol aks ettiradi.
Qiziq jihati shundaki, «Paykan» Eron chempionatining 25 mavsumining 5 tasida ishtirok etmagan. Agar jamoa barcha mavsumlarda qatnashganida, «Persepolis»ning ushbu ko‘rsatkichi yanada yuqori bo‘lishi ehtimoldan xoli emas edi.
Oston O‘runov esa so‘nggi o‘yinlarda o‘zining muhim gollari bilan jamoaga katta foyda keltirib kelmoqda. Uning faol harakatlari «Persepolis» hujumiga yanada o‘tkirlik bag‘ishlayotgani muxlislar tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, bugun «Persepolis» navbatdagi bellashuvini o‘tkazadi. O‘zbekistonlik futbolchi to‘p surayotgan jamoa «Alyuminium»ga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv soat 17:45 da boshlanishi rejalashtirilgan. Muxlislar esa O‘runovdan yana bir yorqin o‘yin va natijali harakatlarni kutib qolishmoqda.
Eron chempionati, Persepolis klubi, Oston O‘runov, Milliy terma jamoa, Paykan jamoasi