Las-Vegasda "UFC on ESPN 73" turniri shiddatli yakunlandi

AQSHning Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tgan “UFC on ESPN 73” turniri muxlislarga janglarga boy, keskin va kutilmagan natijalar bilan yodda qoldi. Kecha davomida ham prelim kard, ham asosiy kard bahslarida sportchilar yuqori sur’at va xarakter namoyon etishdi.
Avval prelim kard janglarida bir qator ta’sirli natijalar qayd etildi. Jeymi-Lin Xort birinchi raundda Tereza Bledani texnik nokaut orqali yengib, kechaning ilk shov-shuvli g‘alabalaridan biriga erishdi. Gilerme Pat esa barcha raundlarda ustunlik ko‘rsatib, hakamlarning yakdil qarori bilan Allen Frayni mag‘lub etdi. Luana Santos ochkolar bo‘yicha Melissa Krodendan kuchli ekanini isbotladi.
Shuningdek, Stiven Aspland ikkinchi raundda Shon Sharafni nokautga uchratib, muxlislarni xursand qildi. Joanderson Brito hakamlar qaroriga ko‘ra Ayzek Tomsonni taslim etdi. Prelim kardning eng tezkor janglaridan biri esa Yaroslav Amosov ishtirokida bo‘ldi — u birinchi raunddayoq Nil Megnni sabmishn orqali yengdi.
Asosiy kard ham kam shiddatli bo‘lmadi. King Grin ochkolar hisobiga ko‘ra Lens Gibson ustidan ishonchli g‘alaba qozondi. Kennedi Nzechakvu va Markus Buchecha o‘rtasidagi to‘qnashuv esa uch hakam ham 28:28 hisobini qayd etib, durang bilan yakunlandi.
Melkizael Kosta birinchi raundda Morgan Charreni nokaut qilib, kechaning eng ta’sirli lahzalaridan birini yaratdi. Sezar Olekseychuk hakamlarning yakdil qarori bilan Sezar Almeydani mag‘lub etdi. Kevin Valexos ikkinchi raundda Gigi Chikadzeni nokautga uchratdi.
Kechaning markaziy bahsida esa Manel Kape birinchi raundning o‘zida Brendon Royvalnni texnik nokaut orqali yengib, o‘zining yuqori darajadagi tayyorgarligini namoyish etdi.
Shu tariqa, “UFC on ESPN 73” turniri kurashlarga boy, kuchli zarbalar va keskin hal qiluvchi onlar bilan muxlislar xotirasida qoldi.
UFC turniri, Las-Vegas shahri, Prelim kard, Asosiy kard, Texnik nokaut