06:59 / 21.11.2025
452 079

Yan Rayt Bellingemni himoya qildi: "Odamlar qora yulduzlarga tayyor emas"


Angliya terma jamoasi yarim himoyachisi Jud Bellingemning faoliyati soʻnggi paytlarda notekis davom etmoqda. Iyun oyida bosh murabbiy Tomas Tuxel uning baʼzi harakatlarini "qoʻrqinchli" deb atagan edi.

Keyinchalik Tuxel oʻz soʻzlaridan afsusda ekanligini bildirdi va bu gaplar notoʻgʻri tushunilganligini, oʻsha paytda u magʻlubiyatdan keyin yaxshi uxlay olmaganini aytdi. Sentyabr oyida Bellingem yelkasidagi jarohat tufayli operatsiyadan soʻng tiklanish jarayonida boʻlgani sababli terma jamoaga chaqirilmadi.

Oktyabr oyida ham Tuxelning qaroriga koʻra, uning nomi tarkibda yoʻq edi. Bu vaziyat futbolchi va murabbiy oʻrtasida kelishmovchiliklar borligi haqida mish-mishlarga sabab boʻldi.

Noyabr oyida esa Bellingem terma jamoaga qaytdi, biroq Albaniya bilan oʻyinda almashtirilishidan norozi boʻlgani uchun tanqidlarga uchradi. Hatto uni terma jamoa muvaffaqiyatlariga xursand boʻlmaslikda ayblashdi.

Sobiq futbolchi Yan Rayt Bellingemni himoya qilib chiqdi va bu holatda irqchilik unsurlari borligini taʼkidladi. "Men yoshligimda, "Siz toʻliq ingliz emassiz, toʻgʻrimi?" degan gaplarni eshitganman.

Men esa "Yoʻq, men inglizman" deb javob berardim. Menimcha, bu yerda odamlar qora tanli superyulduzga tayyor emas.

Ular N'golo Kantening kamtarligini yoqtiradi. Men Kanteni "qulay" odam deb aytmayman, lekin uning shaxsiyati shunday.

Ammo Pogba yoki Bellingemday kuchli energiya va xarizmaga ega boʻlgan futbolchilar yoqmaydi. Bellingemning kuchi va xarizmati baʼzi odamlarga qoʻrqinchli tuyulmoqda.

Men Jud haqida qaygʻuryapman. Kimdir uni terma jamoa gollarini nishonlamaslikda aybladi.

Bu mutlaqo yolgʻon. Odamlar hech narsa yoʻq joydan muammo yaratishga harakat qilmoqda", - dedi Rayt Stick to Football dasturida.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing