Islam Maxachev ikki vazndagi hukmronligi bilan tarix yozdi

AQSHning Nyu-York shahri yana bir shiddatli jang sahnasiga aylandi. UFC 322 turniri doirasida yarimo‘rta vazn toifasida Jek Della Maddalena (18–3) va Islam Maxachev (28–1) o‘rtasida katta kutilgan chempionlik janggi bo‘lib o‘tdi. Arenani to‘ldirgan minglab muxlislar ikki jangchining munosib to‘qnashuvini kutgan bo‘lishsa, Maxachev ularning intizorligini to‘liq oqladi.
Islam Maxachev jang davomida raqibini to‘liq nazoratda ushlab, hakamlarning bir ovozdan qabul qilingan qarori bilan — 50:45 hisobida g‘alaba qozondi. Bu natija Maddalena uchun kamarni ilk bor himoya qilish imkoni bo‘lgan bo‘lsa, Maxachev uchun yarimo‘rta vazndagi debyut jang edi. Ammo u bu vaznga tez moslashdi, texnik jihatdan ham, jismoniy jihatdan ham raqibdan ustunligini namoyish etdi.
Islam Maxachevning karerasi allaqachon UFC tarixida alohida o‘rin egallagan. U yengil vazn toifasida kamarni to‘rt marta muvaffaqiyatli himoya qilgan, keyin esa kamardan ixtiyoriy voz kechgan edi. Maddalena esa bu janggacha ketma-ket 8 ta zafar qozonib, o‘zining mag‘lubiyatsiz seriyasi bilan juda katta havas uyg‘otgan edi.
Biroq o‘ziga xos uslub, jangni oqilona o‘qish, raqib harakatini oldindan sezish va tayyor taktik rejalar Maxachevni yana bir bosqichga olib chiqdi. E’tiborli jihati shundaki, Islam Maxachev ikki vazn toifasida kamarni qo‘lga kiritgan ilk rossiyalik jangchi sifatida UFC tarixiga mustahkam qilib nomini yozib qo‘ydi.
Bu g‘alaba nafaqat uning shaxsiy karerasida, balki umuman MMA uchun ham muhim voqea bo‘ldi. Islamning professionallikka asoslangan o‘yin uslubi va bosimga berilmaydigan barqaror xarakteri yana bir bor o‘zini namoyon qildi.
Endilikda Maxachevning yarimo‘rta vazndagi keyingi raqibi kim bo‘lishi mutlaqo ochiq. Ammo bir narsa aniq: u yangi divizionda ham juda xavfli raqibga aylangan va kamarni uzoq muddat saqlab qolish potensialiga ega. Muxlislar esa uning keyingi jangini intizorlik bilan kutmoqda.
Islam Maxachev, U F C Tarixi, Yarimo'rta Vazn, Chempionlik Janggi, Maddalena Mag'lubiyati