14:46 / 19.12.2025
3 114

Andijonda tun yarmida pichoqbozlik sodir bo‘ldi

Andijon viloyatida tungi paytda sodir bo‘lgan qonli hodisa jamoatchilikni larzaga soldi. Marhamat tumanida 26 yoshli erkak ikki nafar fuqaroga pichoq bilan hujum qildi, natijada bir kishi hayotdan ko‘z yumdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea 16 dekabr kuni soat 01:30 atrofida “Qovunchi” mahallasi hududida yuz bergan. Spirtli ichimlik iste’mol qilgan X.Q. ismli shaxs o‘ziga notanish bo‘lgan 30 yoshli S.M. va B.M. bilan janjallashib qolgan.

Janjal keskin tus olgach, gumonlanuvchi o‘zining Damas avtomashinasida bo‘lgan xo‘jalik pichog‘i bilan S.M.ning ko‘krak qismiga zarba bergan. Oqibatda fuqaro olgan og‘ir tan jarohati sabab vafot etgan.

Shundan so‘ng X.Q. ikkinchi fuqaro — B.M.ga ham pichoq bilan hujum qilgan. U qorin sohasiga ikki marta zarba berishga ulgurgan, biroq atrofdagilarning aralashuvi tufayli jinoyatni oxiriga yetkaza olmagan.

Holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan qasddan odam o‘ldirish va qotillikka suiqasd moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u qonun doirasida qo‘lga olingan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Qisqasi, bir lahzalik jahl va mastlik — bir inson hayoti, boshqasi uchun esa umrbod pushaymon. 


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing