
Mashhur rejissyor Pol King, tomoshabinlar e’tiborini qozongan “Vonka” hamda “Paddingtonning sarguzashtlari” filmlari ortida turgan ijodkor, navbatdagi yirik loyihasi ustida ish boshlamoqda. Bu safar u Labubu nomi bilan tanilgan obraz haqida to‘liq metrajli filmni suratga oladi. Loyiha haqida ilk ma’lumotlarni Variety nashri tarqatdi.
Qayd etilishicha, filmni ishlab chiqarish Sony Pictures studiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Pol King mazkur kartinada nafaqat rejissyor, balki prodyuser sifatida ham ishtirok etadi. Bu esa loyihaga uning shaxsiy ijodiy uslubi va yumorga boy qarashlari to‘liq singdirilishini anglatadi.
Rejissyorning avvalgi filmlari jahon prokatida katta muvaffaqiyat qozongan. Uning ishlari umumiy hisobda dunyo bo‘ylab 1,1 milliard dollardan ortiq daromad keltirgani ta’kidlanmoqda. Variety tahlilchilarining fikricha, “Barbi” va “Maynkraft” filmlarining ulkan muvaffaqiyatidan keyin Gollivud studiyalari mashhur o‘yinchoq va personajlarni kinofranchayzingga aylantirishga yanada jiddiy yondashmoqda.
Labubu o‘yinchoqlari esa Xitoyning Pop Mart kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Ushbu obraz taxminan o‘n yil avval rassom Kasing Lung tomonidan yaratilgan bo‘lib, unda Gollandiya folkloridan olingan obraz va ruhiy motivlar mujassam. Hozirda Labubu nafaqat o‘yinchoq, balki zamonaviy pop-madaniyatning yorqin ramzlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Shu bois, uning katta ekranga chiqishi muxlislar uchun kutilgan va qiziqarli voqeaga aylanishi shubhasiz.
Pol King, Sony Pictures, Labubu o‘yinchoqlari, Gollandiya folklori, Pop-madaniyat