00:30 / 24.12.2025
2 209

Tramp O‘zbekiston va Qozog‘istonni G20 sammitiga taklif qilgani ma’lum bo‘ldi

AQSH prezidenti Donald Tramp 2026 yilda Florida shtatidagi Mayami shahrida bo‘lib o‘tadigan Katta yigirmatalik — G20 sammitiga O‘zbekiston va Qozog‘istonni taklif etish rejasini ochiq e’lon qildi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida qoldirgan bayonotida ma’lum qildi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, u yaqin kunlarda Qosim-Jo‘mart Toqayev va Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot o‘tkazgan. Suhbat davomida mintaqaviy va global muammolar, mavjud mojarolarni diplomatik yo‘l bilan hal etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilingan.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida tomonlar avval erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish, strategik sheriklikni mustahkamlash va yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratgan. Ayniqsa, iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalasi ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etilgan.

Shu maqsadda Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tashkil etish bo‘yicha aniq qadamlar qo‘yilgani ta’kidlandi. Ushbu platforma orqali yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, xususiy sektor o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish va qo‘shma korxonalar sonini oshirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasida qo‘shma Investitsiya fondini tuzish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi. Mazkur fond strategik sohalarga sarmoya jalb qilish, texnologiyalar almashinuvini tezlashtirish va uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ekspertlar fikricha, O‘zbekiston va Qozog‘istonning G20 sammitiga taklif etilishi Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi oshib borayotganidan dalolat beradi. Bu esa mintaqaning global iqtisodiy va siyosiy jarayonlardagi ishtirokini yanada kuchaytirishi mumkin. Qisqasi, 2026 yilgi Mayami sammiti O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi ehtimoldan xoli emas.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing