19:30 / 23.12.2025
3 781

Toshkent—Moskva reyslari jadvali samolyot kechikishi sabab o‘zgartirildi

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 23 dekabr kuni Toshkent—Moskva (Domodedovo) yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshiriladigan reyslar jadvaliga o‘zgartish kiritdi. Bu qarorga samolyotning belgilangan vaqtdan kech yetib kelishi sabab bo‘lgani ma’lum qilindi.

Aviakompaniya taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, HY601 reysi Toshkent xalqaro aeroportidan mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da uchib chiqib, Moskva shahriga soat 22:20 da yetib borishi rejalashtirilgan. Ushbu reys odatiy tartibda bajariladi, biroq avialaynerning aylanma grafigidagi o‘zgarishlar keyingi parvozga ta’sir ko‘rsatgan.

Moskvadan Toshkentga qaytuvchi HY602 reysi esa soat 23:30 da Domodedovo aeroportidan jo‘nab ketadi. Samolyot poytaxtimizga 24 dekabr kuni ertalab soat 05:20 da qo‘nishi belgilangan.

Uzbekistan Airways yo‘lovchilardan parvoz oldidan jadvalni aniqlashni, shuningdek, aeroportga belgilangan vaqtdan oldinroq yetib kelishni so‘ramoqda. Kompaniya parvoz xavfsizligi va texnik talablar har doim ustuvor ekanini ta’kidlagan.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing