10:50 / 21.12.2025
3 082

AQSh–Venesuela qarama-qarshiligi: AQSh Venesuela neft eksportini to‘xtatmoqda

AQSh hukumati Venesuela qirg‘oqlari yaqinida, xalqaro suvlarda harakatlangan neft tankerini to‘xtatib qolganini ma’lum qildi. AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning bildirishicha, tanker Venesueladan yuklangan va sanksiyalangan neftni tashigan. Ushbu hodisa AQSh Prezidenti Donald Tramp Venesuelaga kirib-chiqayotgan sanksiyalangan neft tankerlariga to‘liq blokada e’lon qilganidan so‘ng yuz berdi.

Oq uy vakillarining aytishicha, to‘xtatilgan kema soxta bayroq ostida harakatlangan va Venesuelaning “soya floti” tarkibiga kirgan. AQSh rasmiylari bu kabi tankerlar Venesuela hukumatini noqonuniy moliyalashtirishda ishtirok etayotganini ta’kidlamoqda. Shu sababli, AQSh bunday kemalarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishda davom etishini bildirdi.

Venesuela hukumati esa mazkur harakatni keskin qoralab, uni xalqaro huquqni buzish va dengiz qaroqchiligi deb atadi. Karakas rasmiylari tanker va uning ekipaji bilan bog‘liq holat yuzasidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarga murojaat qilishini ma’lum qildi.

Mazkur voqeadan so‘ng Venesuelaning neft eksporti sezilarli darajada kamaydi. Ko‘plab tankerlar qo‘lga olinishi mumkinligidan cho‘chib, yuk bilan mamlakat suv hududlarida qolmoqda. Mutaxassislar fikricha, agar bu holat uzoq davom etsa, jahon neft bozorida narxlar oshishi ehtimoli mavjud.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing