Mayami muzokaralari yakunlandi: navbat AQSH–Rossiya uchrashuvida

Ukraina delegatsiyasi AQSH va Yevropa Ittifoqi vakillari bilan Mayami shahrida o‘tkazilgan muzokaralarni yakuniga yetkazdi. Bu haqda Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi rahbari Rustam Umerov o‘zining Telegram sahifasida ma’lum qildi. Endi esa ushbu maydonda AQSH va Rossiya o‘rtasidagi alohida muzokaralar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuv juma kuni, 19 dekabr sanasida bo‘lib o‘tgan. Ukraina delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Umerov muzokaralar tafsilotlariga to‘xtalmagan bo‘lsa-da, suhbatlarda Kiyevning yevropalik hamkorlari ham qatnashganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muhokamalar natijalari bo‘yicha Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy xabardor qilingan.
— AQSHda amerikalik va yevropalik sheriklarimiz bilan uchrashuvni yakunladik. Keyingi qadamlar va yaqin vaqtda qo‘shma ishni davom ettirish masalasida kelishuvga erishdik, — deya yozdi Umerov.
Qayd etilishicha, mazkur muloqotlar 23 noyabr kuni Jenevada Ukraina va AQSH delegatsiyalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilingan ishlanmalar davomi sifatida tashkil etilgan. Ushbu hujjatlar “Trampning Ukraina bo‘yicha rejasi” deb ataluvchi konsepsiya asosida tayyorlangan.
20–21 dekabr kunlari esa Mayamiga Rossiya delegatsiyasi yetib kelishi kutilmoqda. Unga Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev boshchilik qiladi. Rejaga ko‘ra, u AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda Donald Trampning kuyovi Jared Kushner bilan muzokaralar o‘tkazadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH tomoni Ukrainaga Rossiya boshlagan urush yakunlangan taqdirda muayyan xavfsizlik kafolatlarini taklif qilmoqda. Biroq eng bahsli masalalardan biri — Rossiya tomoni hali to‘liq nazorat qilmayotgan Donetsk va Luhansk hududlariga oid talablar bo‘lib qolmoqda.
AFP agentligining yozishicha, mazkur masala Berlindagi avvalgi uchrashuvlarda ham ko‘tarilgan. Kreml esa bu talablarni ochiq tarzda ilgari surib, ular bajarilmasa, kuch ishlatish ehtimolini ham istisno qilmayapti. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi “to‘g‘ridan to‘g‘ri liniya”sida ham ushbu da’volarni yana bir bor tilga oldi.
Ukraina esa o‘z pozitsiyasida qat’iy turibdi. Zelenskiyning ta’kidlashicha, Kiyev Donbass hududlarini na de-fakto, na de-yure Rossiyaniki deb tan olmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH hozircha bu masalada murosali yechim izlashga urinmoqda.
Mayamidagi ushbu diplomatik faollik esa yaqin kunlarda xalqaro siyosiy maydonda yangi burilishlar bo‘lishi mumkinligidan darak bermoqda.
Ukraina delegatsiyasi, AQSH vakillari, Yevropa Ittifoqi, Donetsk va Luhansk, Vladimir Putin