
Warner Bros. Discovery (WBD) rahbariyati strategik qaror arafasida turibdi. Reuters manbalariga tayanadigan bo‘lsak, kompaniya direktorlar kengashi Netflix bilan hamkorlik qilish variantini Paramount Skydance taklifiga nisbatan maqbulroq deb hisoblamoqda.
Manbalarning ta’kidlashicha, Paramount Skydance taklifi moliyaviy jihatdan kattaroq ko‘rinishiga qaramay, WBD ichida Netflix bilan kelishuvga erishish istagi ancha kuchli. Gap shundaki, Netflix bilan taklif etilayotgan bitimning umumiy qiymati 82,7 milliard dollarga baholanib, u HBO Max platformasi hamda o‘yin studiyalarini o‘z ichiga oladi. Bu esa WBD uchun asosiy aktivlarni saqlab qolgan holda rivojlanish imkonini beradi.
Paramount Skydance tomonidan ilgari surilgan variant esa 108 milliard dollar bilan baholanmoqda. Biroq bu kelishuv WBD’ning barcha televideniye tarmoqlarini to‘liq sotishni talab qiladi. Mutaxassislar fikricha, aynan shu jihat shartnomani ancha murakkab va riskli qilib qo‘yadi.
Bloomberg tarqatgan qo‘shimcha ma’lumotlarga ko‘ra, Paramount’ning muhim hamkorlaridan biri — Djared Kushnerga tegishli Affinity Partners investitsiya kompaniyasi ushbu kelishuvdan chiqib ketgan. Bu holat tartibga solish jarayonlarini biroz yengillashtirishi mumkin, ammo WBD’ning Netflix foydasiga og‘ishini o‘zgartirmaydi.
Reuters manbalariga ko‘ra, ushbu yirik media bozori uchun hal qiluvchi qaror 17 dekabr kuni rasman e’lon qilinishi mumkin. Agar Netflix bilan kelishuv tasdiqlansa, bu global striming bozorida kuchlar nisbatini yanada o‘zgartirishi ehtimoldan xoli emas.
Warner Bros, Netflix kelishuvi, Paramount Skydance, Media bozori, Global striming