Tramp Epshteyn mojarosi ortidagi siyosiy o‘yinlarni fosh etdi

AQSHda Jeffri Epshteyn atrofidagi yangi siyosiy girdob yanada kuchaymoqda. 17-noyabr kuni Donald Tramp Respublikachilar partiyasi a’zolariga keskin murojaat qilib, Kongress Vakillar palatasida Epshteyn ishiga oid barcha materiallarni to‘liq e’lon qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
U Truth Social’dagi sahifasida respublikachilar “yashiradigan hech vaqo yo‘q”ligini ta’kidlab, internetda tarqalayotgan iddaolar — uning Epshteyn bilan yaqin munosabatda bo‘lgani haqidagi fikrlarni “demokratlarning soxta hiylasi” deb atadi. Trampning fikricha, bu ayblovlar “radikal so‘lchilarning Respublikachilar yaqinda qozongan siyosiy yutuqlariga soya solishga qaratilgan navbatdagi manipulyatsiya”.
Tramp: “Epshteyn ishi bo‘yicha o‘n minglab sahifalar oshkor bo‘lgan”
Tramp AQSH adliya vazirligi Epshteyn ishiga doir ulkan hajmdagi hujjatlarni allaqachon berilganini eslatdi. Uning ta’kidlashicha, bu tekshiruv doirasida demokratlar safidagi bir qator yirik siyosatchilar — sobiq prezident Bill Klinton, moliya vazirligining sobiq rahbari Larri Sammers va LinkedIn asoschisi Rid Hoffmanning ham Epshteyn bilan ehtimoliy aloqalari o‘rganilmoqda.
Tramp “agar demokratlar haqiqiy dalilga ega bo‘lganida, ular uni allaqachon, saylovlardan oldin oshkor qilar edilar”, deya qo‘shimcha qildi.
Kongressda yangi bosqich: Epshteyn fayllarini to‘liq e’lon qilish tashabbusi
Trampning bayonoti 12 noyabr kuni Kongress nazorat qo‘mitasi Epshteynning merosxo‘rlaridan olingan yangi materiallarni jamoatchilikka taqdim etganidan so‘ng yangradi. Hujjatlardan ba’zilarida Tramp Epshteynning jinoiy faoliyatidan xabardor bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ehtimol bayon etilgan.
Shundan so‘ng Kongress a’zolari “Epshteyn fayllarining shaffofligi to‘g‘risidagi akt” deb nomlangan qonun loyihasini ovozga qo‘yish tashabbusini ilgari surishdi. Kutilmoqdaki, loyiha shu hafta ichida muhokamaga qo‘yiladi va barcha materiallar omma uchun ochiq bo‘lishi mumkin.
Tramp — raqiblarini tekshirishni talab qilmoqda
Tramp adliya vazirligi va FTBdan Klinton, Sammers va Hoffman kabi taniqli shaxslarning Epshteyn bilan bog‘liqligini batafsil o‘rganishni talab qilib, e’lon qilingan yozuvlar “ularning hayotining juda katta qismi Epshteyn bilan o‘tganini” ko‘rsatayotganini bildirdi.
Respublikachilar orasida nizo: M.Teylor Grin bilan kelishmovchilik
Epshteyn ishiga oid shaffoflik akti bo‘yicha petitsiyani majburiy ko‘rib chiqish uchun imzo qo‘ygan kamida to‘rt respublikachidan biri Marjori Teylor Grin bo‘ldi.
Tramp esa bu harakatidan qattiq norozi bo‘lib, uni hatto “xoin” deb atadi va kelgusida uni gubernator yoki senatorlikka nomzod sifatida ko‘rmasligini ochiq ma’lum qildi. Shu munosabat bilan Grin Trampni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatganini bildirgan.
Eslatma: Epshteyn muammosi nega yana dolzarb?
Epshteyn balog‘atga yetmagan qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va ekspluatatsiya ayblovlari bilan bog‘liq edi. U bilan aloqador shaxslar ro‘yxati — “Epshteyn dosesi” — yillar davomida AQSHda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzuga aylangan. Tramp saylovoldi davrida bu ro‘yxatni to‘liq e’lon qilishga va’da bergan bo‘lsa-da, bu va’da haligacha amalga oshirilmagan.
Bu mojaro atrofidagi tortishuvlar esa Ilon Maskning Tramp ham “Epshteyn dosesi”da tilga olingan degan bayonotidan so‘ng yanada qizib ketdi.