21:58 / 22.12.2025
1 649

Gollar shousini uyushtirgan futbolchilarimiz necha ballga loyiq ko‘rildi?

Turkiya Superligasining 17-turi doirasida Nuri Shahin boshqaruvidagi "Istanbul Bashakshehir" o‘z maydonida "Gaziantep" jamoasini qabul qildi va ishonchli, hujumkor o‘yin orqali 5:1 hisobida yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ushbu bellashuv o‘zbekistonlik futbolchilar uchun haqiqiy benefisga aylandi.

Uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov jamoasining eng faol o‘yinchilaridan biri bo‘ldi. Hujumchi gol uribgina qolmay, yana bir golli uzatma bilan ham ajralib turdi. Uning maydondagi harakatlari, pozitsiya tanlashi va sheriklarini o‘yinga jalb etishi muxlislar va mutaxassislar e’tiborini tortdi.

Yosh iste’dod Abbosbek Fayzullayev ham uchrashuvda o‘z so‘zini ayta oldi. U raqib darvozasini ishg‘ol qilib, nomini tabloga yozdirdi. Shu bilan birga, jamoaning to‘rtinchi goli ham aynan Fayzullayevning faolligi samarasi bo‘ldi — uning xavfli uzatmasidan keyin raqib himoyachilari to‘pni o‘z darvozasiga kiritib qo‘yishdi. Bu epizodda Abbosbekning tezkor fikrlashi va texnik mahorati yaqqol namoyon bo‘ldi.

Bellashuvdan so‘ng qator nufuzli sport portallari hamyurtlarimizning o‘yinini yuqori baholadi. Xususan,

  • “Fotmob” nashri Fayzullayevni 8,3 ballga, Shomurodovni esa 8,5 ballga munosib ko‘rdi.
  • “Sofascore” portali esa Abbosbekning o‘yinini yanada baland baholab, unga 9,3 ball qo‘ydi, Eldor esa 7,9 ball bilan qayd etildi.
  • “Flashscore” sayti ham o‘z reytinglarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 22 yoshli Fayzullayev 8,2 ball olgan bo‘lsa, milliy jamoamiz sardori Shomurodov 8,0 ball bilan baholandi.

Bu o‘yin o‘zbekistonlik futbolchilarning Turkiya chempionatidagi nufuzi oshib borayotganini yana bir bor tasdiqladi. Shomurodov va Fayzullayevning barqaror va samarali o‘yini nafaqat klubi, balki milliy terma jamoa muxlislariga ham katta umid bag‘ishlamoqda.


Turkiya chempionati, O‘zbekiston futboli, Eldor Shomurodov, Abbosbek Fayzullayev, Milliy jamoa
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing