19:55 / 22.12.2025
2 956

Ravshan Haydarov: U-21 Osiyo kubogiga katta maqsad bilan yo‘l olmoqda

Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston U-21 terma jamoasi 2026 yil yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan U-23 Osiyo kubogiga qizg‘in tayyorgarlik jarayonini olib bormoqda. Qit’a musobaqasi oldidan jamoa bosh murabbiyi matbuot anjumanida ishtirok etib, tayyorgarlik rejalari, tarkib siyosati va oldinga qo‘yilgan vazifalar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mutaxassis ta’kidlaganidek, tayyorgarlik jarayoni 7 dekabrdan boshlab Toshkent shahrida start olgan. Ushbu yig‘inlarga jami 28 nafar futbolchi jalb etilgan bo‘lib, mashg‘ulotlar davomida har bir o‘yinchining jismoniy va taktik holati alohida o‘rganilgan. Ravshan Haydarovning so‘zlariga ko‘ra, futbolchilar turli musobaqa mavsumlarini o‘tkazgan, ayrimlari yig‘inlarga kechroq qo‘shilgan. Shunga qaramasdan, murabbiylar shtabi barchani sinovdan o‘tkazib, umumiy holatni baholashga harakat qilgan.

Yig‘inning keyingi bosqichi Qatarda davom ettirilishi rejalashtirilgan. U yerda O‘zbekiston U-21 terma jamoasi Iordaniya va Qatar U-23 jamoalariga qarshi so‘nggi nazorat uchrashuvlarini o‘tkazadi. Ana shu bahslardan keyin jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri Osiyo kubogi o‘yinlariga yo‘l oladi.

Tarkib masalasiga to‘xtalgan Ravshan Haydarov musobaqada asosan 2005, 2006 yillarda tug‘ilgan va undan kichik — Olimpiya yoshidagi futbolchilarga tayanish rejalashtirilganini qayd etdi. Uning aytishicha, bu qaror murabbiylar kengashi bilan muhokama qilingan hamda avvalgi musobaqalar tajribasiga tayanilgan. Ilgari ham O‘zbekiston yoshlar jamoalari shu tizim asosida ishtirok etib, yaxshi natijalarga erishgan.

2003–2004 yillarda tug‘ilgan futbolchilar esa ayni paytda klub jamoalarida o‘z o‘rnini topgan, Osiyo kubogida chempionlikni qo‘lga kiritgan va Jahon chempionatida ishtirok etgan. Shuningdek, ular milliy terma jamoa safiga ham muntazam jalb etib kelinmoqda. Shu bois, U-23 Osiyo kubogiga yoshroq, istiqbolli futbolchilardan iborat tarkib bilan borish maqsad qilingan.

Oldinda turgan vazifalar haqida gapirgan Ravshan Haydarov jamoa har doim oldiga yuqori maqsad qo‘yishini ta’kidladi. Chunki O‘zbekiston ushbu musobaqada yuqori reytingga ega: terma jamoa avval chempion bo‘lgan, so‘nggi ikki turnirda esa finalgacha yetib borgan. Shu sababli, bu gal ham jamoa katta maqsadlar bilan Osiyo kubogiga yo‘l olmoqda.

Mutaxassisning fikricha, bu avlod uchun ham ushbu musobaqa katta tajriba va kelajakdagi yutuqlar uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.


Ravshan Haydarov, O‘zbekiston U-21, Osiyo kubogi, Yosh futbolchilar, Tayyorgarlik jarayoni
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing