08:55 / 22.12.2025
4 067

«Aston Villa» g‘alabalar seriyasini ketma-ket 10 ta o‘yinga yetkazdi

Angliya Premer-ligasining 17-turi doirasida «Aston Villa» o‘z maydonida «Manchester Yunayted»ni qabul qildi va keskin kechgan bahsda 2:1 hisobida ustun keldi. Ushbu natija nafaqat navbatdagi uch ochkoni, balki birminghemliklar uchun o‘ziga xos tarixiy seriyani ham davom ettirdi.

Unai Emeri boshchiligidagi jamoa shu tariqa barcha musobaqalarni hisobga olganda ketma-ket 10-o‘yinda g‘alaba qozondi. Bu ko‘rsatkich «Aston Villa»ning joriy mavsumdagi barqaror va ishonchli o‘yinini yaqqol namoyon etmoqda.

G‘alabalar silsilasi Yevropa ligasi doirasida «Makkabi»ga qarshi 2:0 hisobidagi o‘yin bilan boshlangan edi. Shundan so‘ng «Villa» raqiblarini birin-ketin mag‘lub etib, muxlislarini quvontirishda davom etdi. Jamoa nafaqat Premer-ligada, balki Yevropa arenasida ham o‘zini munosib tarzda ko‘rsata olmoqda.

Klub mag‘lub etgan jamoalar orasida «Arsenal», «Brayton», «Vest Hem» va endi «Manchester Yunayted» kabi kuchli raqiblar ham borligi «Aston Villa»ning hozirgi formasi jiddiy ekanini ko‘rsatadi. Ayniqsa, katta klublarga qarshi qo‘lga kiritilayotgan g‘alabalar jamoaning o‘z-o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada oshirmoqda.

Emeri shogirdlari maydonda intizomli, jips va hujumkor o‘yin namoyish etyapti. Har bir uchrashuvda g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq va oxirigacha kurashish ruhi sezilib turadi.

«Aston Villa»ning ketma-ket 10 g‘alabasi quyidagicha:

- «Makkabi» - 2:0

- «Bornmut» - 4:0

- «Lids» - 2:1

- «Yang Boyz» (2:1)

- «Vulverhempton» (1:0)

- «Brayton» (4:3)

- «Arsenal» (2:1)

- «Bazel» (2:1)

- «Vest Hem» (3:2)

- «Manchester Yunayted» (2:1)

«Aston Villa» keyingi turda 27 dekabr kuni safarda «Chelsi»ga qarshi bahs olib boradi. Ushbu uchrashuv g‘alabalar seriyasining davom etishi yoki to‘xtashiga javob beradi. Birminghemlik muxlislar esa jamoasidan yana bir katta natijani intiqlik bilan kutib turibdi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing