21:04 / 17.12.2025
1 978

"Neftchi" murabbiylar shtabiga argentinalik mutaxassis qo‘shildi

"Neftchi" murabbiylar shtabiga argentinalik mutaxassis kelib qo‘shildi. Bu haqda Farg‘ona klubi matbuot xizmati e’lon qildi.

“Neftchi” futbol klubida murabbiylar shtabi izchil ravishda kuchaytirilib borilmoqda. Klubning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi doirasida argentinalik mutaxassis Fakundo Stik jamoaga jalb qilinib, tahlilchi murabbiy lavozimida ish boshladi.

Mutaxassis bevosita bosh murabbiy Islombek Ismoilovning yordamchisi sifatida faoliyat olib boradi. U bosh murabbiy bilan birgalikda jamoaning taktik modeli, o‘yin falsafasi va raqiblarga qarshi strategiyalarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.

Fakundo Stik 1993 yilda Italiyada tug‘ilgan va Argentinada yashab kelgan, mutaxassis shu kungacha Gretsiyaning "Panatinaikos" klubida mashhur murabbiy Diyego Alonso murabbiylar shtabida tahlilchi murabbiy lavozimida ishlab kelgan, shuningdek mutaxassis Malta terma jamoasini turli yoshdagi jamoalarida ham faoliyat yuritib kelgan.

Fakundo Stikning murabbiylar shtabiga qo‘shilishi — bu jamoaning zamonaviy futbol talablariga moslashuvi, analitik yondashuv va professional boshqaruvga qaratilgan navbatdagi muhim qadami hisoblanadi.

Bungacha “Neftchi” jamoasi murabbiylar shtabida bosh murabbiy Islombek Ismoilovga yordamchi sifatida bir qator mutaxassislar faoliyat boshlagan edi. Xususan:

  • Yurgen Gede (Germaniya) — yordamchi murabbiy;
  • Antonio Sariogli — jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy;
  • Vitaliy Galat — darvozabonlar murabbiyi.

Mazkur mutaxassislarning murabbiylar shtabiga qo‘shilishi jamoaning tayyorgarlik jarayonlari, taktik va jismoniy salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Endilikda Fakundo Stikning tahlilchi murabbiy sifatida shtabga kelib qo‘shilishi bilan Islombek Ismoilov boshchiligidagi murabbiylar jamoasi to‘liq shakllandi va yangi mavsumga puxta hozirlik ishlari izchil davom ettirilmoqda, deyiladi rasmiy bayonotda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing