11:42 / 14.12.2025
13 377

«Alaves» bilan bugungi o‘yin Xabi Alonso taqdirini hal qiladi

Madridning «Real» klubida navbatdagi jiddiy qaror arafasida turibdi. Manbalarga ko‘ra, jamoa bosh murabbiyi Xabi Alonso bugun, 14-dekabr kuni iste’foga chiqarilishi mumkin. Ispaniyalik mutaxassisning kelajagi to‘liq ravishda «Alaves»ga qarshi o‘tkaziladigan uchrashuv natijasiga bog‘lab qo‘yilgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, «qaymoqranglilar» rahbariyati Alonso faoliyatiga nisbatan keskin munosabatda. Agar «Real» navbatdagi turda «Alaves»ni mag‘lub etishga qodir bo‘lmasa, klub bosh murabbiy bilan xayrlashishi ehtimoli juda yuqori. Bunday holatda qaror zudlik bilan qabul qilinishi aytilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, ehtimoliy iste’fodan keyin jamoani vaqtincha boshqarish vazifasi «Real» yoshlar jamoasini boshqarayotgan Alvaro Arbeloaga topshiriladi. Klub rahbarlari uni ichki variant sifatida ko‘rib chiqmoqda va u jamoa muhitini yaxshi biladigan mutaxassis sifatida baholanyapti.

Avvalroq esa madridliklar katta tajribaga ega murabbiy – Yurgen Klopp nomzodiga qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Bu esa «Real» rahbariyati kelgusi mavsumlar uchun jiddiy rejalar qilayotganidan dalolat beradi.

Qisqasi, bugungi bahs nafaqat turnir jadvali uchun, balki Xabi Alonso taqdiri uchun ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Madrid muxlislari esa jamoadan faqat g‘alaba kutishmoqda.


Real Madrid, Xabi Alonso, Alvaro Arbeloa, Yurgen Klopp, Alaves uchrashuvi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing