Yo‘l kimniki? Chilonzorda Cobalt'lar o‘rtasida keskin tortishuv

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida kecha tungi payt ikki nafar Cobalt haydovchisi o‘rtasida yo‘l talashish oqibatida janjal kelib chiqdi. Hodisa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar orqali jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 21 dekabr kuni soat 23:30 atrofida KHAY ko‘chasida ikki avtomashina haydovchilari va ularning yo‘lovchilari o‘zaro tortishib qolgan. Janjal vaqtida qatnashuvchilar yo‘l harakati qoidalariga bepisandlik bilan munosabatda bo‘lib, jamoat tartibini buzgan.
Yaxshiyamki, voqea oqibatida jarohat olib shifoxonaga murojaat qilganlar aniqlanmadi. Holat yuzasidan Chilonzor tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Mutaxassislar haydovchilarni yo‘lda sabrli bo‘lishga, tortishuv o‘rniga qoidalarga amal qilishga chaqirmoqda. Yo‘l — bahs maydoni emas.