Toshkentda ekologik qonunlarni buzgan 24 ta obyekt aniqlandi

9 dekabr kuni Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) Toshkent viloyati va Toshkent shahrida bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda navbatdagi reyd tadbirlarini o‘tkazdi.
Reyd davomida 3 222 ta obyektda atmosfera havosini muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini tekshirish amalga oshirildi. Bu tekshirishlar natijasida 24 ta huquqbuzarlik holati aniqlandi.
25 noyabrdan 9 dekabrgacha olib borilgan keng qamrovli o‘rganishlar natijasida 895 ta huquqbuzarlik aniqlanib, ular bo‘yicha ma’muriy ish hujjatlari rasmiylashtirildi. Shuningdek, ekologik qonunlarni buzgan 75 ta obyektning faoliyati 10 ish kuniga to‘xtatildi (shundan Toshkent viloyatida 66 ta, Toshkent shahrida 9 ta).
Tekshirishlar davomida 37 ta issiqxona obyektlarida filtrlar o‘rnatildi, 6 ta issiqxona obyekti gaz tarmog‘iga ulandi, yana 7 ta obyekt gazga ulanish uchun texnik shartlar olish maqsadida arizalar topshirdi.
Ekopolitsiya va mutasaddi idoralar tomonidan atmosfera havosini muhofaza qilish, ifloslanish manbalarini qisqartirish va ekologik qonun talablariga rioya etish bo‘yicha reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.
Davlat ekologik nazorat, Toshkent shahri, Atmosfera havosi, Ekologik qonunlar, Issiqxona obyektlari