
Internetda xavfsizlik muammolari tobora kuchayib borayotgan bir paytda, Comparitech tadqiqot kompaniyasi butun dunyodagi ikki milliardga yaqin parolni tahlil qilib, 2025-yilning eng keng tarqalgan va eng ishonchsiz parollarini aniqladi. Ular orasida kutilganidek, “123456”, “admin” va “password” kabi variantlar yana birinchi o‘rinlarda turibdi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, odamlar hamon oddiy va oson esda qoladigan parollarni tanlashni afzal ko‘rishmoqda. Shu bois, kiberjinoyatchilar uchun shunday parollar bilan himoyalangan akkauntlarga kirish juda oson bo‘lib qolmoqda. Qizig‘i shundaki, dunyodagi eng mashhur muzeylardan biri — Luvrning videokuzatuv tizimida ham parol sifatida “Louvre” so‘zi qo‘llangani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tahlil qilingan eng mashhur 100 parolning chorak qismi faqat raqamlardan tashkil topgan. Ulardan qariyb 39 foizi “123” ketma-ketligini, 3 foizi esa “abc” harflarini o‘z ichiga olgan. Shu bilan birga, “password”, “admin” va hatto “minecraft” so‘zlari turli kombinatsiyalarda ko‘p marta takrorlangan.
Top-10 ommabop parollar quyidagicha shakllandi:
-
123456
-
12345678
-
123456789
-
admin
-
1234
-
Aa123456
-
12345
-
password
-
123
-
1234567890
Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar foydalanuvchilarni yana bir bor ogohlantirdi: yaxshi parol kamida 12 belgidan iborat bo‘lishi, turli registrdagi harflar, raqamlar va maxsus belgilarni o‘z ichiga olishi lozim. Shuningdek, shaxsiy ma’lumotlar, ismlar yoki oddiy so‘zlardan foydalanish tavsiya etilmaydi.
Mutaxassislar aytishicha, kiberhujumlar soni yil sayin ortib borayotgan sharoitda parol xavfsizligi internet foydalanuvchilari uchun birinchi navbatdagi masala bo‘lib qolmoqda. Hatto eng kuchli texnologiyalar ham oddiy “123456” bilan himoyalangan akkauntni saqlab qololmaydi.