09:49 / 23.12.2025
3 130

Nuri Shahin transfer siyosatida Shomurodov va Fayzullayevni tilga oldi

"Istanbul Bashakshehir" bosh murabbiyi Nuri Shahin “Gaziantep”ga qarshi o‘yindan keyin bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jamoaning qishki transferlar oynasidagi rejalari haqida atroflicha fikr bildirdi. Mutaxassis klubning imkoniyatlari, ustuvor yo‘nalishlari va kadrlar siyosatiga ochiq oydin to‘xtaldi.

Shahinning ta’kidlashicha, “Bashakshehir” hozirgi paytda moliyaviy jihatdan oson sharoitda emas. Shu sabab transfer masalalarida har bir qaror puxta o‘ylab qabul qilinmoqda. “Ochig‘ini aytsam, jamoani kuchaytirish masalasida biroz qiynalyapmiz. Lekin hozirgi tarkibimiz ham juda qimmatli. Sifatni oshirishning ikki yo‘li bor: yo tayyor va tajribali futbolchini olasiz, yoki istiqbolli yoshlarga sarmoya qilasiz”, — dedi u.

Bosh murabbiy bu fikrlarini misollar bilan ham mustahkamladi. U tajribali o‘yinchi sifatida Eldor Shomurodovni, kelajak uchun sarmoya namunasi sifatida esa Abbosbek Fayzullayevni alohida tilga oldi. Shahinning so‘zlariga ko‘ra, klub har doim shu ikki yo‘nalishga ochiq bo‘lishi shart — bu barqaror rivojlanishning asosiy sharti.

Mutaxassis qaysi pozitsiyalarda kuchaytirish kerakligini jamoa aniq bilayotganini ham qo‘shimcha qildi. Skautlar guruhi, sport direktori va rahbariyat bilan yaqin hamkorlik ostida ish olib borilayotgani, shu bois ko‘p emas, balki aniq va mantiqiy transferlar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. “Yo sifatni oshirib natija qilamiz, yo kelajak uchun sarmoya qilamiz. Bu borada hech qanday ikkilanish yo‘q”, — dedi Shahin ishonch bilan.

Ma’lumot o‘rnida, “Bashakshehir” so‘nggi turda “Gaziantep”ni 5:1 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu uchrashuvda Shomurodov gol va assist bilan ajralib chiqqan bo‘lsa, Fayzullayev ham bir marta raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Bu natija Nuri Shahin ta’riflagan transfer siyosati amalda o‘z samarasini berayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing