17:38 / 22.12.2025
3 331

Gvardiola talabchanligi: «Manchester Siti»da dam olish yo‘qmi?

Xosep Gvardiola o‘tgan mavsumda yuzaga kelgan murakkab davrni jamoada bosqichma-bosqich avlodlar almashinuvini amalga oshirish orqali yengib o‘ta oldi. Ayni paytda uning qo‘li ostidagi futbolchilarning aksariyati yosh, baquvvat, tezkor va yuqori jismoniy holatga ega ijrochilardan iborat. Bu esa «Manchester Siti»ga yana yuqori maqsadlar qo‘yish imkonini beryapti.

2025 yil yakuniga, ya’ni Yevropa futboli mavsumining o‘rtalariga kelib, «shaharliklar» ishtirok etayotgan barcha musobaqalar — Angliya Premer-ligasi, Angliya Kubogi, Angliya Ligasi Kubogi hamda Yevropa Chempionlar ligasida bosh sovrin uchun real kurash olib borish darajasiga chiqdi. Jamoa yana o‘z uslubini topgan, o‘yinida ishonch va barqarorlik sezilmoqda.

Ayni vaqtda «Manchester Siti» hujumkor va faol futbol namoyish etyapti. Premer-liganing so‘nggi turida Gvardiola shogirdlari o‘z maydonida «Vest Xem»ni qabul qilib, raqib darvozasiga javobsiz uchta gol urdi. Bu g‘alaba manchesterliklarga turnir peshqadami «Arsenal» bilan ochkolar orasidagi farqni ikki ochkogacha qisqartirish imkonini berdi.

Shunga qaramasdan, Xosep Gvardiola jamoa o‘yinidan to‘liq qoniqish hosil qilayotgani yo‘q. Ispaniyalik mutaxassis shogirdlaridan har bir uchrashuvda yanada yaxshiroq o‘yin talab qilyapti. Shu sababli u futbolchilar so‘ragan qo‘shimcha dam olish kunini rad etdi va tayyorgarlik jarayonini yanada qat’iy nazorat ostiga oldi.

«O‘yinchilar qo‘shimcha dam olish kunini so‘rashdi. Men esa ularga ochiq aytdim: “Yo‘q, chunki siz hali yetarlicha yaxshi o‘ynamadingiz”. Shuning uchun yakshanba kuni tiklanish mashg‘uloti o‘tkazdik, maydonga tushmagan o‘yinchilar esa to‘liq mashg‘ulot qildi», — dedi Gvardiola.

Mutaxassis, shuningdek, uch kunlik hordiqdan keyin futbolchilarning jismoniy holatini shaxsan o‘zi tekshirishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, 25 dekabr kuni jamoa bazasiga qaytgan har bir o‘yinchi vazn o‘lchashdan o‘tadi.

«Men ular qay holatda qaytishini ko‘rmoqchiman. Agar kimdir uch kun ichida bir necha kilogramm ortiqcha vazn bilan kelsa, u “Nottingem Forest”ga qarshi o‘yinga bormaydi. Bu juda oddiy qoida», — deya qat’iy pozitsiyasini bildirdi Gvardiola.

Ayni paytda Gvardiola yosh futbolchilarga ham ishonch bildiryapti. Xususan, o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov so‘nggi paytlarda yana maydonga tushirila boshladi. «Vest Xem»ga qarshi bahsda 21 yoshli futbolchi 67-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, uchrashuvni oxirigacha o‘tkazdi.

Umumiy hisobda, Abduqodir Husanov joriy mavsum Angliya Premer-ligasi, Angliya Ligasi Kubogi va Yevropa Chempionlar ligasida jami to‘qqizta uchrashuvda ishtirok etdi. Bu esa murabbiyning unga bo‘lgan ishonchi asta-sekin ortib borayotganidan dalolat beradi.

Ma’lumot uchun, Angliya chempionatining 18-turidan o‘rin olgan «Nottingem Forest» — «Manchester Siti» uchrashuvi 27-dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:30 da start oladi. Ushbu bellashuv har ikki jamoa uchun 2025 yildagi so‘nggi rasmiy uchrashuv bo‘ladi.


Xosep Gvardiola, Manchester Siti, Angliya Premer-ligasi, Abduqodir Husanov, Yevropa Chempionlar ligasi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing