04:37 / 06.12.2025
313 046

Monako ozchilikdagi Brestga imkoniyat boy berdi


Fransiya chempionatining 14-turi "Brest" va "Monako" o‘rtasidagi o‘yin bilan boshlandi. Birinchi bo‘limda mezbonlar hujumda yaxshiroq harakat qilishdi.

28-daqiqada "Brest" muxlislari golni nishonlay boshlashdi. Autdan to‘pni jarima maydonchasiga tashlash natijasida o‘yinning keskinligi oshdi.

Raqibning zarbasini darvozabon Gradeshki qaytardi, biroq Kamori Dumbia darvozabon maydonchasidan bosh bilan to‘pni darvozaga yo‘lladi va hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda "Brest" ozchilikda qoldi.

Ludovik Ajorq orqadan qattiq qo‘pollik qildi. Dastlab hakam unga sariq kartochka ko‘rsatdi, ammo VAR tizimi orqali epizodni qayta ko‘rib chiqib, jazoni kuchaytirdi.

Ko‘pchilikda bo‘lgan "Monako" hisobni tenglashtirishga harakat qildi. Sebastyan Pokonyoli bir nechta o‘rinbosarlarni maydonga tushirdi.

Aleksandr Golovin o‘yinni tark etganlar qatorida bo‘lsa, Pol Pogba maydonga tushganlar orasida edi. Ammo ikkinchi bo‘limning so‘nggi 15 daqiqasida "Brest" qarshi hujumda ikkinchi golni urishga yaqin edi.

Ikki mezbon futbolchi darvozabon bilan yuzma-yuz chiqdi, ammo "Monako" himoyachisi ajoyib to‘p surib qutqarib qoldi. Vaqt o‘tishi bilan "Monako" hujumda samaradorlikni ko‘rsata olmadi – mehmonlarning xavfli vaziyatlari deyarli bo‘lmadi.

Natijada, hisob 1:0 ko‘rinishida qolib ketdi. "Brest" ketma-ket uchinchi g‘alabasini qo‘lga kiritib, Liga 1da to‘qqizinchi o‘ringa ko‘tarildi.

"Monako" esa hozirgi vaqtda yettinchi o‘rinda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing