17:53 / 14.11.2025
1 581

Ektor Kuper karerasidagi Misr va O‘zbekiston tajribasini yodga oldi

Taniqli mutaxassis Ektor Kuperning ismi Osiyo futbolida ham, Afrika maydonlarida ham katta iz qoldirgan. 69 yoshga kirgan argentinalik murabbiy shu paytgacha ikki qit’adagi terma jamoalarga bosh murabbiy sifatida rahbarlik qilib, o‘z uslubi va tafakkuri bilan ko‘plab futbol muxlislarining aqlini olib kelgan.

Aynan Kuper Misr terma jamoasini 2018 yilgi jahon chempionatiga olib chiqqan murabbiy sifatida katta obro‘ qozongan. Uning qo‘li ostida afrikaliklar yoshartirilgan tarkib bilan saralashni yuqori darajada o‘tkazgan va muvaffaqiyatli tarzda mundialga yo‘llanma olgan. U Misr bilan xayrlashgach, navbatdagi manzili sifatida O‘zbekiston terma jamoasini tanladi va bu qaror o‘z vaqtida katta muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Uning Toshkentdagi faoliyati davomida jamoa yangi taktik yondashuvlarga o‘tdi, bir qator yosh futbolchilarga ishonch berildi hamda jamoaning o‘yin uslubi bosqichma-bosqich yangilandi. 2019 yilgi Osiyo kubogi doirasida Turkmanistonga qarshi o‘yindan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kuper o‘z falsafasini shunday izohlagan edi:

"Mening Misrdagi ishlarim bilan hozirgi faoliyatimni umuman bog‘lamaslik kerak. O‘zbekiston termasi bilan amaldagi o‘yin uslubimiz o‘sha davrdagi Misr jamoasidan butunlay farq qiladi. Ehtimol, ba’zi o‘xshash jihatlar bordir, lekin bu yerda biz mutlaqo yangi tizimni joriy etganmiz. Muxlislarni qoniqtirish esa bugungi kunda ancha mushkul: g‘alaba qozonish, to‘pni nazorat qilish va ko‘ngilochar o‘yin ko‘rsatish talab etiladi, buni bir vaqtning o‘zida bajarish oson emas".

Shuni ham ta’kidlash kerakki, argentinalik murabbiy 2019-yilning sentyabrida Falastinga qarshi o‘yinda kutilgan natija qayd etilmaganidan keyin lavozimidan chetlatilgan edi. Kuperning so‘nggi ish joyi Suriya terma jamoasi bo‘lib, u o‘sha yerda ham qisqa vaqt ichida o‘z uslubini ko‘rsata olgan.

Bugun bo‘lib o‘tadigan uchrashuv Toshkent vaqti bilan 21:00 da start oladi. Muxlislar esa Kuper kabi tajribali mutaxassislarning fikrlari va o‘tmishdagi tajribalari borasidagi ushbu tarixiy saboqlardan yana bir bor zavq olishadi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing