15:22 / 14.11.2025
2 592

O‘zbek bokschilari Nyu-Delida navbatdagi sinovga chiqadi

O‘zbekiston boks muxlislari uchun yana bir quvonchli yangilik — mamlakatimiz terma jamoalari yana yirik musobaqada ishtirok etish arafasida. 14–21-noyabr kunlari Hindiston poytaxti Nyu-Deli shahri World Boxing tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan kubok musobaqasining final marosimiga mezbonlik qiladi. O‘zbekiston boks federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, bahslarda yurtdoshlarimiz erkaklar va ayollar tarkibida to‘liq hajmda qatnashadi.

Bu musobaqa nafaqat reyting uchun, balki yangi iste’dodlarni sinovdan o‘tkazish, jamoaviy salohiyatni yanada mustahkamlash va xalqaro maydonda navbatdagi tajribaga ega bo‘lish nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyatga ega. Shu bois yosh va tajribali charm qo‘lqop ustalarimiz Nyu-Deli ringlariga maksimal tayyorgarlik bilan yo‘l olmoqda.

Erkaklar jamoasi tarkibi bu gal ham ancha kuchli. -50 kg vaznda Asilbek Jalilov, -55 kgda Samandar Olimov, -60 kgda tajribali Dilshod Abdumurodov ringga chiqadi. Ularga qo‘shimcha ravishda -65 kg vaznda Adham Muxiddinov, -70 kgda Muhammadazizbek Ismoilov, -75 kgda Javohir Abdurahimov jamoaning yuklarini yelkalab beradi. Shunga qo‘shimcha, -85 kgda Jasurbek Yo‘ldoshev, -90 kgda Nusratbek Tohirov va +90 kg vaznda Halimjon Mamasoliyev kabi nomdor bokschilarimiz ham bor.

Murabbiylar shtabida esa tajribali mutaxassislar — Rahmatjon Ro‘ziohunov, Alimardon Dostanov, Botir Mahmudov va Ozod Hasanov jamoani finalga puxta tayyorlamoqda.

Ayollar jamoasi ham o‘z salohiyatini ko‘rsatishga tayyor. -48 kgda Farzona Fozilova, -51 kgda Gulsevar Ganiyeva, -54 kgda Nigina O‘ktamova va -57 kg vaznda Sitora Turdibekova ishtirok etadi. Shuningdek, -70 kgda Aziza Zokirova hamda og‘ir vazn toifasida (+81 kg) Oltinoy Sotimboyeva ringga chiqishadi.

Ayollar terma jamoasini Elshod Rasulov, Barbaro Fernandez Ximenez, Azim Xudayqulov va Istam Kabinovdan iborat murabbiylar guruhi boshqaradi.

Musobaqada jamoa menejeri sifatida Mirzohid No‘monov, shifokor Komiljon Rasulov va fizioterapevt Xesus Alberto ish olib boradi. Qolaversa, hakam sifatida mamlakatimiz nomidan Maruf Urdushev ishtirok etayotgani ham o‘ziga xos yutuq.

Nyu-Delidagi mazkur kubok bahslari bokschilarimiz uchun yana bir muhim sinov, terma jamoa salohiyatini baholash imkoni. Muxlislar esa navbatdagi janglarda yurtdoshlarimizdan munosib ishtirok va chiroyli g‘alabalar kutishmoqda.


O‘zbekiston Boksi, Terma Jamoa, Nyu- Deli Musobaqasi, Erkaklar Tarkibi, Ayollar Jamoasi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing