📍 9–12-dekabr kunlari Toshkent shahrida Markaziy Osiyo tarixida ilk bor “FIA General Assembly” va “FIA Awards” marosimlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirni FIA — Xalqaro avtomobil federatsiyasi (Fédération Internationale de l’Automobile) tashkil etadi. Unda FIA rahbariyati, 149 ta mamlakatdan 500 nafardan ortiq delegatlar, milliy federatsiyalar vakillari hamda 100 nafardan ziyod professional poygachilar ishtirok etadi. Toshkentdagi uchrashuvlar doirasida ilk bor “FIA Gala” — avtosport olamidagi eng nufuzli mukofotlar marosimi o‘tkaziladi.
“FIA Gala”da Formula 1, World Rally Championship (WRC), World Endurance Championship (WEC) kabi yirik chempionatlarning g‘oliblari tantanali ravishda taqdirlanadi. Bu tadbir avtosportdagi eng obro‘li mukofotlash marosimi hisoblanadi. Toshkentning bu miqyosdagi xalqaro tadbirga mezbonlik qilishi mintaqa tarixida ilk bor sodir bo‘lmoqda.
FIA 1904-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi avtomobil sportini boshqarish, yo‘l harakati xavfsizligini rivojlantirish va avtomobil sanoati manfaatlarini himoya qilishdir. Tashkilot Formula 1, WRC, WEC va boshqa ko‘plab xalqaro avtosport seriyalarining rasmiy boshqaruv organi hisoblanadi.
Toshkentning bu darajadagi xalqaro forumga mezbonlik qilishi O‘zbekistonning global sport maydonidagi nufuzini oshiradi. Mutaxassislarga ko‘ra, bu voqea mamlakatda avtosport infratuzilmasi va turizm salohiyatining yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qiladi.