10:12 / 23.12.2025
2 741

Shomurodov va Fayzullayev Superliga ramziy jamoasida

Turkiya Superligasining 16-turi yakunlariga ko‘ra, "Istanbul Bashakshehir"ning ikki nafar o‘zbekistonlik futbolchisi — Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev tur ramziy jamoasiga kiritildi. Bu tanlov ularning maydondagi yuqori samaradorligi va hal qiluvchi harakatlari e’tirof etilganini anglatadi.

Eslatib o‘tamiz, 16-tur doirasida “Bashakshehir” o‘z maydonida “Gaziantep”ni 5:1 hisobida mag‘lub etgan edi. Ushbu uchrashuvda Shomurodov bitta gol urib, yana bir golga assistentlik qildi. Fayzullayev ham raqib darvozasini ishg‘ol etib, jamoasining yirik g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Aynan shu o‘yindagi ishonchli harakatlar ikki futbolchining ramziy jamoaga kirishiga asos bo‘ldi.

Sofascore ma’lumotlariga tayanilgan holda tuzilgan 16-tur ramziy jamoasida nafaqat o‘zbekistonlik legionerlar, balki Turkiya chempionatida porlayotgan boshqa bir qator futbolchilar ham joy olgan. Xususan, hujum chizig‘ida Shomurodov bilan birga Felipe Augusto o‘rin olgan.

Yarim himoyada esa Fayzullayevdan tashqari O‘g‘iljon Ulgun, Gabriel Sara, Umid Gyunesh va Yunus Akgyun kabi futbolchilar eng yaxshi ko‘rsatkichlar qayd etgan.

Himoya chizig‘ida Hrvoye Smolchich, Lautaro Giannetti va Arda Kurtulan joy olgan bo‘lsa, darvozabon sifatida Erto‘g‘rul Toshqiron eng yaxshi deb topildi.

Mutaxassislar fikricha, Shomurodov va Fayzullayevning ramziy jamoaga kiritilishi tasodif emas. Ular nafaqat gollar bilan, balki jamoaviy o‘yin, harakatchanlik va taktik intizom bilan ham ajralib turibdi. Bu esa “Istanbul Bashakshehir”ning hujumkor o‘yinida o‘zbekistonlik futbolchilarning roli tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Muxlislar esa bu e’tirofni milliy terma jamoa uchun ham yaxshi xabar sifatida qabul qilmoqda — chunki legionerlarimiz yuqori saviyada o‘ynab, har turi o‘z nomini yanada mustahkamlamoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing